O‘zbekiston | 16:04 / 15.12.2021
24768
2 daqiqa o‘qiladi

Chiroqchidagi «yonayotgan yer osti» bo‘yicha rasmiy munosabat bildirildi

Dastlabki xulosaga ko‘ra, yer ostida qolib ketgan qamishlar qizishi va chirishi natijasida ushbu holat yuzaga kelgan.

Foto: Qashqadaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi axborot xizmati

Ijtimoiy tarmoqlarda Chiroqchi tumani Xo‘ja Abdujabbor qishlog‘ida yer osti cho‘g‘ bo‘lib yonayotgani haqida tarqalgan xabarlarga Qashqadaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.

«O‘rganish jarayonida taxminan 0,10 ga yer maydoni avval yonib o‘chganligi va hozirda taxminan 0,01 ga yer maydoni ustidan tutun chiqib atrofga badbo‘y hid tarqalayotgani aniqlandi.

Ushbu qishloqda yashovchi oqsoqollarning so‘zlariga ko‘ra, bu joy taxminan 50-70 yillar oldin chuqurlik bo‘lgan va bu yerdagi qamishzor yillar o‘tib tuproq bilan yopib yuborilgan.

Holat bo‘yicha geologiya sohasi mutaxassislari o‘rganish o‘tkazib, o‘z xulosalarini taqdim qilguniga qadar, yer ostida qolib ketgan qamishlar qizishi va chirishi natijasida ushbu holat yuzaga kelganligi bo‘yicha dastlabki xulosa qilindi», deyilgan bayonotda.

Holatni o‘rganish ishlari davom ettirilib, batafsil ma’lumotlar taqdim etilishi aytilgan.

Mavzuga oid