11:47 / 20.12.2021
7648

Hafta davomida respublika bo‘yicha beqaror ob-havo bo‘lishi kutilmoqda - «O‘zgidromet»

Bugun kunduz kuni respublikaning katta qismida iliq va quruq ob-havo kuzatiladi, faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yomg‘ir yog‘adi. Havo harorati 10-15 daraja iliq bo‘ladi. Bu haqda “O‘zgidromet” xabar bermoqda.

21 dekabrda respublika hududining katta qismida ob-havo sharoiti saqlanib turadi, faqat shimoliy hududlarga kunduz kuni va janubi-g‘arbiy hududlarga kechga tomon Kavkaz hududlaridan antitsiklon kirib kelishi boshlanadi, ushbu hududlarning ba’zi joylarida yomg‘ir yog‘adi. Havo harorati kechasi 0-5 daraja iliq atrofida bo‘ladi, kunduz kuni 15-18 daraja iliqqacha ko‘tariladi, shimolda 7-12 daraja iliqdan yuqori bo‘lmaydi.

22 dekabrda kirib kelish sharqqa tomon siljiydi, hududning katta qismida kechasi va ertalab yomg‘ir yog‘adi. Tog‘oldi va tog‘li hududlarda yog‘ingarchilik yomg‘ir va qor ko‘rinishida bo‘ladi, ba’zi joylarda kuchli bo‘lishi mumkin. Shimoliy va shimoli-g‘arbiy hududlarda yomg‘ir to‘xtaydi. Havo harorati kechasi 4-9 daraja iliq, kunduzi 10-15 daraja iliq bo‘ladi.

21-22 dekabrda sovuq havo kirib kelishida respublika bo‘yicha shamol 17-22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, Buxoro, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo viloyatlarida ba’zi joylarda 25-28 m/s gacha kuchayishi mumkin.

23-24 dekabrda hududlarning katta qismida quruq va nisbatan iliq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat respublika shimolida ob-havo sharoiti yana o‘zgaradi, ushbu hududlarga Volgabo‘yi hududlaridan antitsiklon kirib keladi. Qoraqalpog‘istonda va Xorazm viloyatida yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda qorga aylanadi. Havo harorati kechalari 0-5 daraja iliq, kunduzi 23 dekabrda 8-13 daraja iliq atrofida bo‘ladi, 24 dekabrda respublika bo‘yicha 5-10 daraja iliqni tashkil etadi, shimolda esa 0-5 daraja iliqqacha pasayadi.

Hafta davomida respublika bo‘yicha ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin.

Mavzuga oid
Top