O‘zbekiston | 18:26 / 20.12.2021
21274
4 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda deputatlarga viloyat kengashi sessiyasiga telefonsiz kirish va viloyat hokimiga savol bermaslik sharti qo‘yildi

Foto: Jizzax viloyati hokimligi

Ijtimoiy tarmoqlarda deputatlarga Jizzax viloyati kengashi sessiyasiga telefonsiz kirish va viloyat hokimiga savol bermaslik sharti qo‘yilgani haqida xabarlar tarqaldi. Jizzax viloyati kengashi kotibiyati xabar yuzasidan munosabat bildirdi va tarqalgan xabarlarni inkor etmagan holda unda keltirilgan shartlarni yana bir bor eslatdi.

Xalq deputatlari Jizzax viloyati kengashi kotibiyati mudiri Nodira Karimova nomidan tarqalgan xabarda viloyat kengashi deputatlari, tuman (shahar) kengashlari doimiy komissiya raislari va kotibiyat mudirlari «oq ko‘ylak, qora kostyum-shim, tyomniy galstuk»dan iborat rasmiy formada, deputatlik belgisi va guvohnomada kelishi shartligi aytilgan.

Shuningdek, deputatlar sessiyaga telefon bilan qo‘yilmasligi ta’kidlangan.

Bundan tashqari, agar sessiya kun tartibi bo‘yicha intervyu beradiganlar bo‘lsa, viloyat hokimi murojaatidan kelib chiqish lozimligi hamda sessiya bo‘lib o‘tayotgan jarayonda savollar berilmasligi aytilgan.

Ushbu xabar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev deputatlar daxlsiz ekanligi va ularning qo‘lidagi mulkini olib qo‘yishga hech kimning haqqi yo‘qligini bildirdi.

U «rasmiy kiyim» nima ekanligini bilmasligi va bu haqda qonunchilikda hech qanday tushuncha berilmaganini ma’lum qildi.

«Sessiyaga «rasmiy kiyimda» kelishlari kerak, deyilgan joyi tushunarsiz. Chunki o‘zim ham «rasmiy kiyim» nima ekanligini bilmayman. Qonunchilikda buning tushunchasi yo‘q afsuski: yevropacha kostyummi, qora ko‘ylakmi yoki milliy choponmi, haliyam noma’lum.

Mayli, hammaning omadini bersin ishqilib. Faqat bir narsani esdan chiqarmaslik kerak: deputat maktab bolasi emas, u minglab odamlar tomonidan saylangan, mustaqil shaxs. Oq ko‘ylakda kel, telefonni o‘chirib kel, savolsiz kel kabi gaplar maktab bolasiga aytiladi.

O‘zi «Kengash raisi masalasi» hal bo‘lmaguncha mahalliy deputatlar ishida o‘nglanish bo‘lmasligi ko‘rinib turibdi», deydi u.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar yuzasidan Jizzax viloyati kengashi kotibiyati munosabat bildirdi. Munosabatda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar inkor qilinmagan va «rasmiy kiyim» haqida yana bir bor eslatilgan. Bundan tashqari, deputatlarning sessiyaga telefonsiz kirishi lozimligi va hokimga savol bermasligi kerakligi haqidagi gaplarga ham izoh berilgan.

«Xalq deputatlari mahalliy kengashlarining reglamentiga asosan, deputatlar deputatlik odobi va talablaridan kelib chiqqan holda o‘tkaziladigan sessiyalarga rasmiy kiyimda kelishi kerak bo‘ladi.

Sessiya yig‘ilishi viloyat televideniyesi hamda ijtimoiy tarmoqlarda to‘g‘ridan to‘g‘ri yoritilishini inobatga olgan holda sessiya yig‘ilishiga xalaqit bermaslik maqsadida telefonni ovozsiz holatga keltirish tavsiya etilgan.

Xalq deputatlari mahalliy kengashlari reglamentining 61-moddasiga asosan, viloyat hokimi har yili viloyat kengashiga hudud ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobot taqdim etishi belgilangan.

Ushbu sessiya kun tartibiga kiritilgan murojaatnoma barcha deputatlar ishtirokida doimiy komissiyalar yig‘ilishida batafsil muhokama etilgan hamda sessiyadan keyin ochiq tarzda matbuot anjumani o‘tkazilishi rejalashtirilgan va deputatlar matbuot anjumaniga taklif etilgan. Matbuot anjumanida OAV vakillari hamda deputatlar tomonidan savol-javoblar o‘tkazilishi belgilangan», deyiladi munosabatda.

Mavzuga oid