O‘zbekiston | 17:30 / 21.12.2021
21691
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonlik talaba quyosh energiyasida yuradigan avtomobil ixtiro qildi

Ixtiro qilingan avtomobillar quyoshdan energiya oladi. Ochiq havoda 2.5 soat davomida quvvatini tiklaydi. Bir quvvatda 40-60 km masofani bosib o‘tadi. Tabiatga zarar keltirmasdan, shovqinsiz harakat qiladi. Tezligi 45-60 km/s ga chiqadi.

Mazkur quyoshmobilni Andijon mashinasozlik instituti talabasi Oybek Umarov ixtiro qilgan. Uning ta’kidlashicha, bunday avtomobillar cho‘ntakka hech qancha og‘irlik qilmaydi.

“Quyosh avtomobillarini uy sharoitida qo‘lda yasaganman. Yasashdan maqsad, O‘zbekistonimiz quyoshli o‘lka bo‘lgani uchun, shu quyoshdan unumli foydalanish maqsadida quyosh avtomobillarini yasadim. Poyga mashinalari maketini olishimdan maqsad havoga qarshiligi kamroq bo‘ladi. Quvvati uzoqroqqa yetadi. Poyga mashinalari texnologiyasi qancha vazni yengil bo‘lsa, ular joyidan tez yuradi va tez harakatlanadi”, deydi biz bilan suhbatda Oybek.

Ixtirochi mashinasi qurilmalari haqida ham so‘zlab berdi.

“Asosiy qismi profildan qilingan. To‘rtburchak 3 ga 3 profil, qalinligi 2 mm. Atrofi alyukobond zang bosmaydi, ham issiqni, ham sovuqni o‘tkazmaydi. Maksimal yengil qilish uchun hamma yog‘ini o‘zim qo‘lda tayyorladim”.

Avtomobil quyosh energiyasidan tashqari elektr orqali ham quvvatlanishi mumkin. Uy sharoitida ham quvvatlantirsa bo‘ladi. Ixtirochi kelajakda mana shunday mashinalarni ko‘paytirish va ommalashtirishni maqsad qilgan.

Abduvali Qurbonov,

Tasvirchi Azizbek Ismoilov,

Montaj ustasi Muhiddin Nido

Mavzuga oid