Bugun ertalabdan Qashqadaryoning bir qancha tumanlarida va Qarshi shahrida chang bo‘ronlari kuzatilmoqda. Oqibatda yo‘llarda ko‘rish darajasi pastlagan.

Gidrometeorologiya xizmati 21 dekabr kuni shamol tezligi ba’zi joylarda 25-28 metr/sekundgacha kuchayib,  Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida va respublikaning cho‘l hududlarida chang bo‘roni va g‘uborlar ko‘tarilishini prognoz qilgandi. Ayni paytda respublikaning ayrim hududlarida ushbu tabiat hodisasi kuzatilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun barcha zarur choralar ko‘rilganini ma’lum qildi. 

«Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududlardagi 13ta filiali hamda 179ta aholi punktida joylashgan subfiliallari domiy shay holatda. 

Bundan tashqari, mamlakatimiz bo‘ylab 2861ta tez tibbiy yordam brigadasi zarur dori-darmonlar bilan yetarli miqdorda to‘liq ta’minlangan. Shoshilinch va tez tibbiy yordam tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan qariyb 17 ming nafarga yaqin shifokor va 52 ming nafardan ziyod hamshiralarga zarur ko‘rsatmalar berilgan. 

Qolaversa, aholi Sog‘liqni saqlash vazirligining «1003» qisqa raqamli Sall-markazi malakali mutaxassislaridan changli havodan qanday himoyalanish bo‘yicha tun-u kun kerakli maslahat va tavsiyalar olishlari mumkin. 

Xususan, bunday vaziyatda nafas yo‘li surunkali kasalliklari bor yurtdoshlarimizga changli havoda tashqariga chiqmasliklarini tavsiya qilamiz», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

Foto: Twitter/@davletovuz
Foto: Telegram/Qashqadaryoru
Foto: Telegram/Qashqadaryoru

Tavsiyalar:

  • Xona yoki inshootlarni nam latta bilan tozalab turish, uy yoki bino ichiga, atrofiga suv solingan idishlar qo‘yish chang darajasini pasaytirishga xizmat qiladi. Qolaversa, bunday vaziyatda nam sochiqlarni osib qo‘yish, konditsioner va havoni tozalash tizimlari ham asqatadi.