Jahon | 12:17 / 23.12.2021
13941
3 daqiqa o‘qiladi

JSST rahbari pandemiya qachon tugashi mumkinligini aytdi

Foto: AFP

JSST rahbari Tedros Adxanom Gebreyyesus kelayotgan 2022 yilda koronavirus pandemiyasi tugashi mumkinligini aytdi.

“Fikrimcha, pandemiya boshlangandan 2 yil o‘tgach biz bu virusni yaxshiroq bilamiz va unga qarshi eng yaxshi vositalarga egamiz. Shu sababli umid bor va men o‘z bayonotimda pandemiyani 2022 yilda tugatishimiz kerakligini aytdim”, deb ta’kidlab o‘tgan brifingda Gebreyyesus. 

Uning ta’kidlashicha, endilikda asosiy vazifa mavjud vositalarni, jumladan vaksina va boshqa himoya choralarini samarali qo‘llash va vaksinalarni taqsimlashdagi tengsizlikni bartaraf etish hisoblanadi.

Biroq shu bilan birga, JSSTning sog‘liqni saqlash tizimidagi favqulodda vaziyatlar bo‘yicha dasturi direktori Maykl Rayan dunyo pandemiya yakunlanishidan hali yiroqligini, ammo uning ustidan g‘alaba qozonish uchun vositalarga egaligini aytgan.

“Fikrimcha, biz hali pandemiyaning oxirida emasmiz, biz hattoki unga yaqinlashmadik ham. Biroq bizda fan evaziga avvalgidan ko‘ra ko‘proq vositalar mavjud. Bizda bu virus bilan qanday ish tutish kerakligi borasida bilimlar bor. Biroq bizga barcha davlatlar o‘rtasida virusga qarshi keng qamrovli va barqaror dasturlarni olib borish borasida umumiy istak yetishmayapti”, deb ta’kidlab o‘tgan mutaxassis. 

Ushbu brifingda JSST texnik guruhi rahbari Van Kerkxove virus hamon mutatsiya qilayotgani, vaziyatga moslashayotgani va rivojlanayotganini, bu esa uni qandaydir vaqtda mavsumiy kasallikka aylantirishi mumkinligini aytgan.

“O‘ylashimcha, bu yerda ushbu virus endemik virusga aylanadimi, degan masala ham turmaydi. Shubhasiz, u bunga aylanish yo‘lida. Biroq endemik degani, xavfli emas deganini bildirmaydi. Endemik odatda tarqalish darajasi pastligini, geografik jihatdan cheklanganlikni bildiradi va siz bunda virus aholining himoyalanmagan qatlamidagina avj olishini ko‘rasiz. Fikrimcha, biz bu yo‘nalishda ketmoqdamiz. Biroq biz hali pandemiyaning o‘rtasidamiz va dunyoning yarmi hali ham pandemiyada bo‘lgan sharoitda endemik vaziyatga o‘ta olmaymiz. O‘ylashimcha, bizni hali uzoq yo‘l kutmoqda”, deb ta’kidlab o‘tgan Van Kerkxove.

Avvalroq JSSTning Yevropadagi byurosi rahbari Xans Klyuge Yevropa davlatlarida epidemiologik vaziyat “omikron” shtamm sababli yomonlashishi mumkinligidan ogohlantirgan. Jumladan, Fransiyada kunlik kasallanish holatlari 100 mingdan oshishi prognoz qilinmoqda. Bu orada Britaniyada kunlik kasallanish holatlari ilk bor 100 mingdan oshdi. 

“Yana bir shtorm yaqinlashmoqda. Yaqin haftalarda “omikron” Yevropa davlatlarining ko‘pchiligida ustunlik qiladi va ularning shundoq ham ortiqcha yuklangan sog‘liqni saqlash tizimlarini falokat yoqasiga keltirishi mumkin”, deb ta’kidlab o‘tgan mutaxassis.

Mavzuga oid