Buxoroda haydovchilik guvohnomasi olib beraman deya pul olib firibgarlik qilgan shaxs qo‘lga tushdi. Lekin firibgar deb atalayotgan bu shaxs ushlanmaganida rostdan ham «prava» olib bergan bo‘lardi.

Qolaversa, mana shunday mayda «ushlashlar» bilan sohani korrupsiyadan xalos qilib bo‘ladi, deb o‘ylaysizmi? Albatta yo‘q. Bu muammodan tizimli ravishda xalos bo‘lish kerak. Bugungi maqolada mavjud muammoni atroflicha o‘rganishga harakat qilamiz.

Haydovchilarning ko‘pchiligi «prava» uchun pora bergan

Hozir har o‘n kishidan bittasida mashina bor, mashinasi bo‘lmasa ham, kuni kelib asqatar deya, «prava»ga o‘qib, olib qo‘yganlar ham ko‘p. Ammo haydovchilik guvohnomasi egalarining barchasi ham avtomaktabda qoidalarni yodlab, haydashni o‘rganib, imtihonda savollarning barchasini to‘g‘ri yechib olganmi? Bu borada onlayn so‘rovnoma o‘tkazdik.

18 ming kishi ishtirok etgan so‘rovnomada so‘ralganlarning 25 foizi (4482 kishi ) hali haydovchilik guvohnomasiga ega emasligini aytgan. Haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan 13 676 kishi bo‘yicha quyidagicha holat:

  • Avtomaktabda darslarga to‘liq qatnab, imtihonlarni ham o‘z kuchi bilan topshirganlar 29 foizni tashkil etgan (3976 kishi).
  • Avtomaktabda darslarga chala qatnab, biroq imtihonni o‘z kuchi bilan topshirganlar 11 foizni tashkil etgan (1548 kishi).
  • Avtomaktabda darslarga to‘liq qatnagani bilan, imtihon topshirish bosqichida pul berganlar eng ko‘p — 33 foizni (4472 kishi) tashkil etgan.
  • Darslarga chala qatnab, o‘qimasdan, imtihonni topshirish uchun pul berganlar — 19 foiz (2607 kishi), umuman avtomaktabda o‘qimasdan «prava»ni sovg‘a sifatida olganlar esa 7 foiz (973 kishi)ni tashkil etmoqda.

Demak, 60 foiz holatda odamlar haydovchilik guvohnomasini to‘g‘rilikcha qo‘lga kiritmagan. Yo‘llarimizda madaniyatsiz haydovchilar, avariyalar va o‘limlar soni ko‘payayotganining eng asosiy sabablaridan biri shu emasmi?

Bu vaziyat haydovchilarni o‘qitish va ulardan imtihon olishning mavjud tizimi to‘g‘ri ishlayotganini so‘roq ostiga keltirib qo‘ymoqda.