Samarqand shahrining Bo‘stonsaroy va Ro‘dakiy ko‘chalari kesishmasidagi tonnel tipidagi yo‘l o‘tkazgichda kuzatilgan suv o‘tish holatiga «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ axborot xizmati izoh berdi. Unda yozilishicha, obektda qurilish ishlari hali tugallanmagan. Ammo obektda tugallangan ishlarning ham sifatsiz bajarilganini ko‘rish mumkin.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ axborot xizmatining izohida ma’lum qilinishicha, mazkur yo‘l o‘tkazgich qurilishida loyihaga ko‘ra asosiy qurilish-montaj ishlari yakunlanib, Samarqand shahri aholisiga yangi yil bayram tadbirlari davrida tirbandlikning oldini olish va transport vositalari harakatlanishiga qulaylik yaratish maqsadida yo‘llar ochib berilgan. Hozirgi paytda obodonlashtirish va suv qochirish, irrigatsiya tarmoqlarida hali qurilish ishlari jadal davom ettirilmoqda.

Tonnel qismining devorlaridan suv o‘tish holati hali qurilish ishlari davom ettirilayotgan suv qochirish-irrigatsiya tizimidagi lotoklarga har xil turdagi tiqilishlar oqibatida yuzaga kelgan.

Foto: Muhiddin Boliyev

Ta’kidlanishicha, tonnel devorlariga o‘rnatilgan plitalar «quruq montaj» usulida ishlangan bo‘lib, ularning orasidan suv o‘tishi yo‘l o‘tkazgichning konstruktiv elementlari mustahkamligiga salbiy ta’sir etmaydi.

«Loyiha yechimiga ko‘ra ushbu transport yechimi qurilishi doirasida yomg‘ir suvlarini qochirish uchun nasoslar o‘rnatilishi va oraliq qurilmalar tutashish joyida asfalt qoplamasini kesib, deformatsion choklar o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Yaqin kunlarda qayd etilgan ishlar to‘liq yakunlanib, yuzaga kelgan noxush holatlar bartaraf etiladi», deyiladi izohda.

Garchi «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ axborot xizmati o‘z izohida «obodonlashtirish va suv qochirish, irrigatsiya tarmoqlarida hali qurilish ishlari jadal davom ettirilmoqda», deyotgan bo‘lsa-da ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan fotosuratlarda tugallanib bo‘lgan ishlarning ham sifatsiz bajarilganini ko‘rish mumkin.

Foto: Muhiddin Boliyev

Piyodalar yo‘lakchasiga yotqizilgan beton va yondosh hududlarga terilgan plitalar cho‘kkan, yotqizilgan sifatsiz asfalt qo‘zg‘ab ketgan, quvurlar halitdan teshilib yotibdi. Shu kamchiliklar mablag‘ sarflanib yana qaytadan qilib chiqiladimi?