Xorazm viloyati, Urganch tumani, Arboblar mahallasi, Ma’rifatchilar ko‘chasi 17-uyda yashovchi Davron Sapayev oilasi va 19-uyda yashovchi Feruza Nurmetova oilasi yashayotgan xonadonlar qurilish boshlangan xavfli hududga juda yaqin turibdi. Ular ko‘chib ketishga tayyor, hokimlik tomonidan yer maydoni ham ajratilgan, biroq kompensatsiya masalasi hal etilmagan.
Hokimlik tomonidan yer ajratilishi
Ushbu hududda “Xorazm invest xolding” MChJ ko‘pqavatli turar joy binosi qurmoqda. Urganch tumani hokimligi 2017 yilda korxonaga shu maqsadda 2500 kv.m. yer maydoni ajratgan.
Shuningdek, tutash hududdan Sherpajon Salayevaga ko‘pxonadonli uy qurish uchun 850 kv.m. yer maydoni doimiy foydalanish huquqi bilan ajratilgan. 2021 yil iyul oyida “Xorazm invest xolding” MChJ shu yerning 650 kv.m. maydonini Sherpajon Salayevadan sotib olgan.
Chala qolgan kelishuv bitimi
2020 yil fevral oyida Urganch tumani hokimligi buzilish hududiga tushgan 2 xonadon egalariga yer ajratib bergan. Jumladan, Davron Sapayevga har biri 392 kv.m.dan iborat 1,5 ta yer uchastkasini, Feruza Nurmetovaga har biri 392 kv.m.dan iborat 2 ta yer uchastkasini ajratib berish haqida kelishuv bitimini rasmiylashtirgan.
Uning 4.1-bandida kompensatsiya pul mablag‘i yuzasidan uchtomonlama, ya’ni hokimlik, quruvchi tadbirkor va mulkdor o‘rtasida qonunchilikda belgilangan tartibda qo‘shimcha bitim imzolanishi majburiyatini Urganch tumani hokimligi o‘z zimmasiga olgan. Biroq hokimlik o‘z majburiyatini shu paytgacha bajarmay kelmoqda va uchtomonlama kelishuv bitimi rasmiylashtirilmagan.
Qurilish ishlari esa shaharsozlik me’yorlariga zid ravishda xonadonlarning ostonasiga juda yaqin joyda olib borilyapti.

Uchtomonlama kelishuv bitimi nega imzolanmadi?
“Xorazm invest xolding” MChJ rahbari Maqsud Boboyev kompensatsiya puli to‘g‘risidagi kelishuv bitimini imzolashdan bosh tortmoqda. U bilan bog‘lanib, masala yuzasidan izoh olishga urindik. Ammo Boboyev murojaat nima haqida ekanini eshitganidan so‘ng aloqaga chiqmay qo‘ydi.



















