O‘zbekiston | 14:50 / 06.01.2022
15383
2 daqiqa o‘qiladi

2021 yilda aholi xalq qabulxonalariga eng ko‘p qanday masalalar bilan murojaat qilgani ma’lum bo‘ldi

2021 yilning 12 oyi davomida prezident virtual qabulxonasi va xalq qabulxonalariga 1 mln. 600 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi. Murojaatlarning 53 foizi yoki 865 mingtasi ijobiy hal etilgan. 

Foto: xalq qabulxonasi

2021 yilda kelib tushgan murojaatlar orasida ijtimoiy nafaqalar masalasi yetakchilik qilgan – 190 mingta murojaat. Ish bilan ta’minlash yo‘nalishida 96 mingta, majburiy ijro faoliyati, aliment va qarz summalarini undirish – 94 mingta, bank kreditlari – 77 mingta, uy-joy bilan ta’minlash – 68 mingta murojaat tushgan. Shuningdek, gaz, elektr energiyasi ta’minoti, ichimlik suvi ta’minoti va mehnatga haq to‘lash bilan bog‘liq masalalar yetakchi mavzular bo‘lgan.

Tahlillarga ko‘ra, 2021 yilda eng ko‘p murojaatlar Qashqadaryo viloyati hissasiga to‘g‘ri keldi – 197 mingta. Surxondaryo viloyatidan 181 mingta murojaat kelib tushgan. Toshkent shahridan esa 165 mingta murojaat qabul qilingan. Shuningdek, Toshkent (155 ming), Samarqand (150 ming) va Farg‘ona (145 ming) viloyatlaridan ham ko‘plab murojaatlar yo‘llangan.

2021 yilda eng ko‘p murojaatlar Moliya vazirligiga oid bo‘lgan. 173 ming fuqaro shu yo‘nalishda murojaat qilgan. Shuningdek, Ichki ishlar vazirligiga tegishli 122 mingta, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga taalluqli 105 mingta murojaat kelib tushgan. Bundan tashqari, xuddi shu davrda Majburiy ijro byurosi, Bosh prokuratura, Oliy sud hamda Markaziy bank va tijorat banklari tizimiga taalluqli murojaatlar soni ham ancha katta bo‘lgan.

2021 yilda viloyat, tuman va shaharlar sektorlari rahbarlari tomonidan xalq qabulxonalari bilan hamkorlikda 31 927 ta sayyor ommaviy qabullar o‘tkazildi. Ularda 223 412 nafar fuqaroning murojaati bo‘yicha 230 446 ta masalalari tinglandi. Shundan 130 533 ta, ya’ni 56,6 foiz masalalar qanoatlantirildi.

Mavzuga oid