Kun.uz holatni o‘rganish maqsadida Oqdaryoda bo‘lib, tadbirkorlar bilan suhbatlashdi.
Oqdaryo tumanidagi kichik sanoat zonasiga 27 dekabr, dushanba kuni soat 12:40 larda yetib bordik. Ma’lum bo‘lishicha, shu kunning o‘zida biz borgunimizga qadar sanoat zonada ikki marta elektr energiyasida uzilish kuzatilgan. Tadbirkorlar bu odatiy holat ekanini yashirib o‘tirishmadi.

“Amonov mebel tekstil” oilaviy korxonasi bolalar uchun har xil turdagi tekstil mahsulotlari, plastmas va yumshoq o‘yinchoqlar, bolalar mebellari ishlab chiqaradi. Korxona ish boshqaruvchisi Dagar Shukurov biz bilan muloqotda yarim kun davomida kami yetti marta tuman va viloyat elektr tarmoqlaridagi mas’ullarga telefon qilganini bildirdi. Ammo e’tibor ham, natija ham yo‘q.

Shukurov korxona faoliyati bilan tanishtirar ekan, sanoat hududida o‘ziga yarasha qulayliklar bo‘lishi, tadbirkorlar qo‘llab-quvvatlanishidan umid qilishganini bildirdi. Korxona rahbari – yosh tadbirkor, shu sabab o‘tgan yili yoz oylarida Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev ham mazkur korxona faoliyati bilan tanishtirilgan. “Qizig‘i, agentlik rahbari kelgan vaqtda ham elektr o‘chgandi”, deydi u. Ammo Sa’dullayevning qo‘ng‘iroqlari ham, korxona faoliyati bilan tanishuvi ham hech qanday naf keltirmagan.
Mazkur korxonada ellikka yaqin yigit-qizlar ish bilan ta’minlangan bo‘lib, elektr energiyasi o‘chgan vaqtda ularning aksariyati ishsiz qoladi. Xodimlar ish hajmi emas, ish vaqti bilan maosh oladi, tabiiyki, chiroq o‘chishi – ish beruvchining cho‘ntagiga zarar. Ya’ni ish unumdorligi pasayadi va yo‘qotilgan vaqt uchun ham mablag‘ sarflanadi. Kamiga ogohlantirishsiz “lip-lip”lar texnikalarning tez-tez buzilishiga sabab bo‘lyapti.

“Hakim Bobo Grand” MChJ eshik-rom ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Mazkur korxonada ham ellikka yaqin oqdaryolik yigit-qizlar ishlayapti. Jamiyat rahbari Bahodir Karimovning aytishicha, o‘rtacha kuniga 2-3 soat elektr o‘chadi. Ish kuni sakkiz soatdan iborat. Bu degani ellikka yaqin xodimlar kunlik 25 foiz ishini bajara olmaydi.

























