Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati maktablarda qishki ta’til muddati uzaytirilishi munosabati bilan tug‘ilayotgan savollarga javob qaytarmoqda.

Qishki ta’til vaqtida maktablarda to‘garaklar faoliyatiga ruxsat berilmaydi 

O‘quvchilarning qishki ta’tili uzaytirilganiga qaramay ayrim “tashabbuskor” rahbarlar o‘quvchilarni maktabga chaqirib, yoppasiga fan to‘garakalariga yoki tadbirlar uyushtirib, unga jalb qilishi to‘g‘rimi?

Ta’til kunlari tugagunga qadar o‘quvchilarni bevosita maktablarda tashkil etiladigan to‘garaklar, shuningdek, “Barkamol avlod” bolalar maktablarining tarmoq to‘garaklari va har qanday tadbirlarga jalb etish taqiqlanadi.

Ushbu vaqt davomida o‘qituvchilar maktabda xalqaro standartlar asosida ishlab chiqarilgan Milliy o‘quv dasturlari asosida malakalarini oshirish kurslarida qatnashishlari talab etiladi hamda onlayn ravishda turli to‘garaklar va tanlovlar tashkil etish tavsiya etiladi.

Shuningdek, bugundan boshlab Respublika miqyosida o‘tkazilayotgan “Umid nihollari-2022” sport musobaqalarining tuman va shahar bosqichlarini o‘tkazish to‘xtatilgan.

Mavzular tig‘izlashtirib o‘tiladi

Qisqargan darslar jurnalga qanday qayd etiladi?

O‘quvchilarning qishki ta’til kunlari ikki haftaga uzaytirilganligi sababli 3-chorak o‘quv kunlari 1-4-sinflarda 9 kun, 5-11-sinflarda 11 kunga qisqardi. Shu munosabat bilan, sinf jurnallariga 24 yanvardan boshlab taqvim-mavzu reja asosida tegishli mavzular qayd etiladi, shuningdek, fan o‘qituvchilari tomonidan taqvim-mavzu rejada joriy yilning 11-22 yanvar kunlariga to‘g‘ri kelgan mavzular o‘quv yilining 3-choragi davomida tig‘izlashtirib o‘tiladi va tig‘izlashtirilgan mavzular sinf jurnallarida qayd etiladi.

Yozgi ta’til kechikmaydi

Qishki ta’til uzaytirilishi yozgi ta’til vaqti kechikishiga sabab bo‘lmaydimi?

Qo‘shimcha ta’til davridagi darslar (mavzular) chorak boshlanganidan so‘ng darslarga qo‘shib, tig‘izlashtirilgan holda o‘tiladi, shu bois ushbu qo‘shimcha ta’til kunlarining boshqa ta’tillarga ta’siri bo‘lmaydi. 

Xususiy maktablarga ham qishki ta’til tavsiya etiladi