O‘zbekiston | 15:51 / 13.01.2022
8584
2 daqiqa o‘qiladi

Xuddi kinolardagiday: Qashqadaryoda bosqinchilar yo‘l chetida to‘xtagan Matiz egasini tunab ketdi

Qashqadaryoda Matiz mashinasi bilan yo‘l chetida to‘xtab turgan yigitga uch nafar noma’lum shaxs avval yordam taklif qilgan. So‘ng pnevmatik to‘pponcha va elektroshoker yordamida qo‘rqitib, uning pullari va buyumlarini olib ketgan. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, 2021 yil 25 dekabr kuni o‘ziga tegishli Matiz bilan Qarshi-Chiroqchi yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan yigit mashinaning ogohlantirish chiroqlarini yoqib, yo‘lda to‘xtaydi.

Shu payt uning oldiga Nexia mashinasi kelib to‘xtaydi va undan uch nafar yigit tushib keladi. Ular avval yigitga yordam taklif qilishadi. U yordam kerak emasligini aytgach, yigitlardan biri uni o‘zlari minib kelgan Nexia’ga taklif etadi.

Yigit mashinaga o‘tirgach, uni kaltaklab, pnevmatik to‘pponcha, pichoq hamda elektroshoker yordamida tahdid qilishadi. So‘ng yigitning 1 million 820 ming so‘m, 701 dollar pullarini, telefoni, mashinaning videokuzatuv moslamalarini va flesh kartasini tortib olishadi.

IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv natijasida bosqinchi yigitlar ushlanadi. Ulardan pnevmatik to‘pponcha, elektroshoker va boshqa daliliy ashyolar hujjatlashtirib olinadi.

Qayd etilishicha, bosqinchilik qilgan yigitlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2- qismi “a” va “b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Mavzuga oid