Arman Dikiy o‘zi shundoq ham jinoyat olamining mashhur shaxslaridan biri edi. Qozog‘istondagi tartibsizliklar paytida u yana diqqat markaziga chiqdi. Endigina 37 yoshga kirgan yigit bu qadar tezlik bilan katta ta’sirga ega shaxsga aylanishi alohida tarixga ega.
Boksdan jinoyat olamiga
Chimkentdagi kambag‘al oilada tug‘ilgan Arman Jumageldiyev bolaligidan boksga qiziqadi va bu sport turida qator muvaffaqiyatlarga erishadi. Garchi gavdasi ulkan va texnikasi yaxshi bo‘lmasa-da, qaytmasligi va chayirligi bilan murabbiylar e’tiborini qozonadi. U o‘z faoliyati davomida 16 ta medal olishga muvaffaq bo‘lgan va ularning 10 tasi oltin medallardir. Eng ko‘zga ko‘rinarli yutug‘i – jahon chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritgani bo‘lgan.
Boks bergan ishonch uni asta-sekin «ko‘cha» sari yetaklaydi va jinoyat olamiga u ko‘pchilik qatori o‘zaro mojarolar (kriminal razborkalar) orqali kirib keladi. Har qanday tortishuvlarda bir-ikki og‘iz so‘zdan keyin mushtini paydar-pay ishga solishi va hech kimni ayamasligi tufayli u «Dikiy» («Yovvoyi») yoki «Besheniy» («Quturgan») laqablarini oladi.

Kriminal avtoritetga aylanishi
Professional boksdan chetlashish ortidan Chimkent ko‘chalarida sarguzasht izlab kezish ham kuchayadi. Chapdastligi tufayli uni bozorlardagi mojarolarni yechishga, qarz undiruvlarida hakamlik qilishga chaqira boshlaydilar va asta-sekin bu shaharda o‘ziga xos shaxs shakllana boradi. Arman Dikiy nomining o‘ziyoq ko‘chadagi ko‘p masalalar yechimida kalit vazifasini o‘tay boshlaydi va Jumageldiyev o‘z atrofiga tarafdorlarini to‘plab, har qanday topshiriqni bajarishga tayyor guruh yaratadi.
Uning huquqni muhofaza qilish organlari nazariga tushishi ilk bor 2003 yilda yuz beradi. Arman yoki unga tegishli odamlar ko‘chada ikki yigitni do‘pposlab, bor-budini shilib olishda, kamiga birining qorniga o‘q uzib, og‘ir jarohat yetkazishda ayblanadi. Lekin tergov juda sust olib boriladi va negadir sudgacha yetib bormaydi.
Dikiyning ikkinchi bor «xat»ga tushishi 2005 yilda yuz beradi. U paytlar Jumageldiyev prezident Nazarboyevning faol tarafdorlaridan biri edi va «millat otasi»ga qarshi aytilgan har qanday gapga mushtlari bilan javob berishga o‘rgangandi. O‘shanda «Turist» mehmonxonasi zalida qozoq muxolifati tadbiri bo‘lishi kerak edi. Arman boshliq talonchilar mehmonxonaga bostirib kirishadi va hammayoqni ostin-ustun qilib tashlashadi. Tadbir ishtirokchilari do‘pposlanadi, yetakchilar qochib qolib, jarohatsiz qutulishadi. Qizig‘i, yaqqol videolavhalar, guvohlar va arizalarga qaramay yana Arman «shartli muddat» bilan qutulib qoladi va erkinlikda qolaveradi.

















