Joriy yil 13 yanvar kuni Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi tomonidan Qoraqalpog‘istonda iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obektlari hamda aholi turar joylarida quyosh va shamol energiyasidan foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokamasi hamda 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasidagi ustuvor yo‘nalishlar mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, uglevodorodlar zaxiralari yil sayin kamayib borib, jahon bozorida neft va gaz narxi ko‘tarilmoqda, bu insoniyatga quyosh, shamol va boshqa qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni keng joriy etishni taqozo etmoqda.

Mamlakatda islohotlarning jadallashuvi, sanoatning rivojlanishi, aholi soni ko‘payishi natijasida energiyaga bo‘lgan talab keskin oshishi, 2030 yilga borib qariyb 2 barobarga ortishi kutilmoqda.

Shundan kelib chiqqan holda barqaror rivojlanish sohasidagi eng muhim milliy maqsad va vazifalaridan biri 2030 yilgacha qayta tiklanuvchi manbalardan olinadigan energiya ulushini jiddiy ravishda ko‘paytirishdan iborat. 

Yig‘ilishda qayd etilganidek, iqtisodiyot tarmoqlarida energiya samaradorligining pastligi, tabiiy resurslardan nooqilona foydalanish, texnologiyalar yangilanishining sustligi, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish uchun innovatsion yechimlarni joriy etishda xususiy sektor ishtiroki yetarli emasligi mamlakatni barqaror rivojlantirish sohasidagi ustuvor milliy maqsadlar va vazifalarga erishishga o‘zining ta’sirini ko‘rsatishi mumkin.

Bu borada iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, aholini arzon va qulay energiya bilan ta’minlashda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish hozirda dolzarb yo‘nalishlardan biridir.

Shu maqsadda 2022 yilda Qoraqalpog‘istonda 1700 MVt.lik shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha loyiha bitimi imzolanishi rejalashtirilayotganligi alohida qayd etildi.

Qoraqalpog‘istonda iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obektlari hamda aholi turar joylarida qayta tiklanuvchi energiya manbalari, jumladan, quyosh va shamol energiyasidan foydalanishni tizimli ravishda tashkil etish yuzasidan dastur ishlab chiqish taklifi berildi.

“Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunda ko‘zda tutilgan soliq, bojxona va boshqa imtiyozlarni joriy qilish orqali xorijiy investitsiyalar va mahalliy tadbirkorlarni sohaga jalb etish va kadrlar tayyorlash masalalari muhimligi ta’kidlandi.