O‘zbekiston | 09:29 / 20.01.2022
39983
7 daqiqa o‘qiladi

UzAuto Motors’ga savol: Avtomagnitolasiz «Cobalt»ni texnik soz deb atash mumkinmi?

Tomdan tarasha tushgandek hayratlanarli qarorlari bilan ajablantiradigan UzAuto Motors navbatdagi syurprizi bilan xalqni «siyladi». 19 yanvarga qadar imzolangan shartnomalar bo‘yicha «Chevrolet Lacetti» va «Cobalt» avtomashinalari egalariga avtomagnitolasiz yetkazib berilar ekan.

«Mikrochiplar tanqisligi UzAuto Motors kompaniyasi uchun yagona bo‘lgan GM sertifikatiga ega avtomagnitola ishlab chiqaruvchi «Humax» korxonasini ham chetlab o‘tmadi. Koreya ishlab chiqaruvchisi avtomagnitolani yetkazib berishni noma’lum muddatga to‘xtatganligi haqida rasmiy xat bilan murojaat qildi», deyiladi kompaniya rasmiy tushuntirishida.

Avtomonopolistimizning bu qarori qanday oqibatlar keltirib chiqarishini ko‘rib chiqamiz.

Gap «Chevrolet Lacetti» haqida emas. Ilk prototipi 1982 yilda yasalgan ushbu avtomashinaga otam zamonida ishlab chiqarilgan kassetali avtomagnitola qo‘yilsa ham ishlab ketaveradi va uning avtomobilning boshqa qismlariga ta’siri yo‘q hisobi.

100 foiz kompyuter orqali boshqariladigan, nisbatan yangi model bo‘lgan «Cobalt» avtomashinasida «avtomagnitolasizlik» qanday oqibatlar keltirib chiqarishi haqida gaplashamiz.

Lirik chekinish: men «Cobalt» avtomashinasiga egaman. Oldingi mashinam ham «Cobalt» edi. O‘zbek avtoishlabchiqaruvchisining barmoq bilan sanarli takliflari ichidan shu mashinaga mehrim tushgan. Uning salonida o‘zimni bemalol his qilaman, boz ustiga u 100 foiz kompyuter yordamida boshqarilishi tufayli boshqa gadjetlar bilan osongina integratsiya qilinadi.

Foto: drive2.ru

Lekin bu mashinani yaratgan braziliyaliklar ota-bobosi ketmon yasab yurgan o‘zbek mashinasozlari «Cobalt»ni magnitofonsiz chiqarishi mumkinligini o‘ylab ham ko‘rishmagan bo‘lsa kerak. Yo‘qsa qandaydir «B» variant uchun joy qoldirilgan bo‘lardi.

Gap shundaki, «Cobalt»ning magnitolasi shunchaki magnitola emas, u muhim axborotlar beruvchi va almashinuvchi qurilma ham. Masalan, soat, tashqaridagi havo harorati avtomagnitola monitorida aks etadi. Eng hayratlanarlisi, mashinalarning avariyaviy va burilish chiroqlari ishlatilganda, uning ovozi salonga magnitola orqali ovoz karnaylariga uzatiladi.

Yana bir muhim jihati — avtomobil pulti orqali boshqariladigan ko‘plab sozlamalar ham aynan mashinaning avtomagnitolasi orqali menyuga kirib o‘zgartiriladi. Mana shunaqa alomat mashina «Cobalt».

Qo‘pol qilib aytganda, UzAuto Motors «Cobalt»ni juda «miyasiz» bo‘lmasa ham, «orqa miyasiz» ishlab chiqarishga jazm etmoqda. Ilojsiz o‘zbek xaridori olaveradi. Qayoqqa ham borardi?! Monopoliya deganlari mana shunaqa beshafqat bo‘ladi.

Foto: Olx.uz

Kimdir eslar, avval ham «Cobalt»ning magnitolasiz varianti ishlab chiqarilgan. Avvallari UzAuto Motors mashinalari ichki va tashqi bozor uchun alohida komplektatsiyalarda ishlab chiqarilardi.

2013 yilda Rossiya va Qozog‘istonga eksport qilingan xalq tilida «yevrovariant» deb ataluvchi mashinalarning oddiy komplektatsiyasida avtomagnitola bo‘lmagan.

O‘shanda O‘zbekistonning ichki bozori uchun barcha komplektatsiyasida avtomagnitolalar bo‘lgan. Biroq, blutus garniturasiz. Rossiyaga eksport qilingan lyuks komplektatsiyalarda esa blutus garnitura ham bo‘lgan.

Keyinchalik ichki bozorda ishlab chiqarilayotgan mashinalardagi avtomagnitolalar ham blutuslik qilindi. Mayli, gap bunda emas.

2013-yillarda Rossiyaga eksport qilingan, oddiy komplektatsiyadagi avtomagnitolasiz mashinalarda soat va havo harorati ko‘rsatkichi tezlik pribor panelida aks etgan. Burilish chiroqlari ishlayotganini bildiruvchi chiqqillovchi ovoz ham pribor panelda bo‘lgan.

Tashqi bozor uchun oddiy komplektatsiyadagi, avtomagnitolasiz «Chevrolet Cobalt»ning pribor paneli. Foto:Za Rulem

Uzoq texnik xarakteristikalarni keltirdim. Bularni yozishdan murod nima?

Endi hozir «Cobalt» magnitolasiz qanday ishlatiladi? Mayli, soat, harorat ko‘rsatkichisiz haydovchilarga unchalik shart emasdir (aslida shart). Lekin UzAuto Motors yetkazib berishni boshlagan avtomagnitolasiz mashinalarda burilish va avariyaviy chiroqlarning ovozini salonga nima chiqarib beradi? Yoki silent rejimga ko‘nikishi kerakmi sho‘rlik haydovchilar?

Bundan tashqari, avtomagnitola zimmasiga yuklangan, mashinaning ko‘plab sozlamalarini boshqarish funksiyasi nima bo‘ladi?

Axir, bozordan sotib olinadigan boshqa avtomagnitola bu vazifani bajara olmasligi kundek ravshan. Surishtirdim, «Cobalt»ga boshqa avtomagnitola yoki monitor o‘rnatganlarni aynan shu muammo qiynamoqda.

Yoki o‘sha 2013-yillarda avtomagnitolasiz avtomashinalarda qo‘llangan texnik yechimlar yana qo‘llanadimi? Ya’ni chiroq ovozi pribor panelga ko‘chiriladimi? Yoki o‘sha Rossiyaga eksport qilingan «Yevro-1 prostoy» «Cobalt»larda ishlatilgan pribor panellar yana qo‘llanadimi? Shaxsan men bunga ishonmayman. UzAuto Motors’da kimdir shuni o‘ylab ko‘rganiga ham ishonmayman.

Magnitolasiz avtomobil xaridorlariga ikki variant taklif etilgan: 1) Xaridor mashinasini salondan oladi, magnitolani esa bozordan o‘zi sotib oladi. Kompaniya magnitola va uni o‘rnatish xarajatlarini qoplab beradi. Qoplab beriladigan summa chegarasi ko‘rsatilmagan. 2) Xaridor mashinasini salondan oladi va magnitolasiz minib yuradi. Qachon UzAuto Motors’ga bu qurilma yetib kelsa, o‘shanda bepul o‘rnattiradi. Lekin u qachon yetib kelishi mutlaqo noma’lum.

Azaldan bilamizki, kafolat davrida UzAuto Motors avtomobillariga gaz uskunasi, boshqacharoq pult o‘rnatish zavod kafolatini avtomatik tarzda yo‘qqa chiqaradi. Magnitolasiz avtomobillarga magnitola o‘rnatish-chi, kafolatni saqlab qoladimi?

Xo‘p, hech qanday chora ko‘rilmasdan mashinalar sotuvga chiqarilar ekan, bunday avtomobillarni texnik soz deb bo‘ladimi?! Burilish chirog‘i yoniq qolgan, lekin salondagi haydovchi bundan bexabar bo‘lsa bu yo‘llarda boshqa harakat qatnashchilarini chalg‘itmaydimi?!

Xullas, peshonamizga bitgan monopolist UzAuto Motors’dan masalaning bu yog‘iga ham aniq-tiniq va tayinli javob kutamiz. Iloji bo‘lsa, videotasvir yordamida xaridor-iste’molchilarga tushunarli yo‘riqnoma-ko‘rsatuv tarzida bo‘lsa yanada yaxshi bo‘lardi. Hamma qarab turibdi. Xaridorlar, IIV DYHXX va Antimonopoliya qo‘mitasidagi akalar-opalar ham.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist

Mavzuga oid