O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25 yanvar kuni Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Jinping tashabbusi bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan Markaziy Osiyo va Xitoy davlat rahbarlarining videoanjuman shaklidagi uchrashuvida ishtirok etdi.

Tadbirda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ham qatnashdi.
Mamlakatlar yetakchilari Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy o‘rtasidagi 30 yillik hamkorlik yakunlarini sarhisob qildi, ko‘p qirrali hamkorlikning dolzarb masalalari va kelgusi istiqbolga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashdi.
Davlat rahbari o‘z nutqi avvalida ishtirokchilarni yubiley sana bilan muborakbod etib, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik munosabatlar o‘tgan davrda jadal va barqaror tus olganini ta’kidladi.
Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini bayon etar ekan, Shavkat Mirziyoyev to‘siqlarsiz savdoni ta’minlash hamda sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirishning umumiy makonini shakllantirishga qaratilgan Yangi «Xitoy – Markaziy Osiyo» iqtisodiy muloqot strategiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi.
O‘zbekiston prezidenti Xitoy–Markaziy Osiyo yo‘nalishida uzluksiz yuk oqimini ta’minlash va transmintaqaviy logistika tarmoqlarini rivojlantirish uchun tizimli yechimlar ishlab chiqish muhim ekanini qayd etdi. Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘lini barpo etish loyihasini amalga oshirishni 2022 yildayoq boshlash taklif etildi.
Shavkat Mirziyoyev sammit ishtirokchilari e’tiborini raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurligiga qaratdi. IT-parklar negizida «Intellektual ipak yo‘li» qo‘shma platformasini yaratish taklif qilindi.

Sog‘liqni saqlash va yuqumli kasalliklarga qarshi kurash sohasidagi hamkorlik muhim yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etildi. Vaksinalar ishlab chiqish, sinash va ishlab chiqarishda Xitoy bilan sheriklikni davom ettirishga tayyorlik bildirildi. Shuningdek, O‘zbekiston mamlakatlar o‘rtasida odamlar va tovarlar harakatini yengillashtirish maqsadida vaksinatsiya pasportlarining o‘zaro tan olinishi tarafdoridir.















