Parvozlarning ketma-ket qoldirilishi
24 yanvar kuni Istanbul vaqti bilan soat 21:40ga belgilangan Istanbul–Toshkent reysida uchishi kerak bo‘lgan o‘zbekistonlik yo‘lovchining Kun.uz'ga so‘zlab berishicha, kuchli qor yog‘gani va parvozlar bekor qilingan sababli ko‘plab o‘zbekistonliklar aeroportda qolib ketgan.
“2 kundan beri aeroportda qolyapmiz. Boshida aviakompaniya tomonidan na yeb-ichish na boshqa narsamizdan xabar olindi. Kompaniya vakiliga uchrasak, faqat chipta sanasini o‘zgartirib bera olishini, boshqa hech narsa qilolmasligini ma’lum qildi. Ko‘pchilik bo‘lib talab qilganimizdan keyin ovqat va ichimlik bilan ta’minlashdi.
Havo yomonligi uchun samolyotimiz Istanbulga emas, Anqaraga qo‘ngan ekan. Hali bizdan oldingi reysdagilar ham uchmagan. Shunga bizning reysni 26 yanvar kechqurun jo‘naydi deyishyapti”, – deydi yo‘lovchi.
Kun.uz'ga taqdim etilgan videoyozuvda yo‘lovchilar va aviakompaniya vakili o‘rtasida bahs boradi.
Yuqorida yo‘lovchi aytganidek, 24 yanvar kuni Toshkentdan Istanbulga parvoz qilgan Uzbekistan Airways samolyoti murakkab ob-havo tufayli Anqaraga qo‘nishga majbur bo‘lgan.
Ushbu reys yo‘lovchilaridan birining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, yo‘lovchilar dastlab mehmonxonaga joylashtirilgan, keyinroq ularga Istanbulga qadar avtobusda borish taklif qilingan.
Yo‘lovchilarning aksariyati qorli va dovonli yo‘llar orqali 700 kmga yaqin masofaga yo‘lga chiqib Istanbul sari yo‘l olgan. Holbuki bu paytda ichki reyslar tiklangan va Anqara–Istanbul yo‘nalishida samolyotlar ucha boshlagan bo‘lgan.
Kun.uz bilan bog‘langan o‘zbekistonlik fuqaro qorli havoda avtobusda ketish xatarli ekani bois ichki reysdagi samolyotga o‘zining hisobidan chipta sotib olib, Istambulga uchib ketgan. Boshqa yo‘lovchilar avtobusda ketishga majbur bo‘lgan.

Anqara aeroportidagi tablodan (Kun.uz manbasi yuborgan surat) 26 yanvar kuni Istambulga 4 ta reys mavjudligini ko‘rish mumkin.







