2022 yilda soliq siyosatiga kiritilgan o‘zgartirishlar tadbirkorlar va ekspertlarning tanqidlariga sabab bo‘ldi. Tanqidlar, asosan, DSQning E-aktiv, soliq xavfi bo‘yicha tahlil-tahlika dasturi va mol-mulkning har bir kvadrat metri uchun belgilangan minimal miqdor tufayli soliqlar oshib ketishiga qaratildi.

Shundan so‘ng, DSQ raisi Sherzod Qudbiyev OAV bilan uchrashdi va anjumanda asosiy e’tibor Soliq qo‘mitasining pozitsiyasi to‘g‘riligini isbotlashga qaratildi.

Anjumandan keyin esa savollar kamayish o‘rniga yanada ortdi, e’tirozlar ham to‘xtab qolmadi. OAV va jamoatchilik, mustaqil ekspertlar tadbirkorlar muammolariga e’tibor qaratdi.

O‘tgan hafta oxirida Savdo-sanoat palatasida Moliya vazirligi va Soliq qo‘mitasi mas’ullari tadbirkorlar va mutaxassislar bilan uchrashdi. Uchrashuvdan keyin iqtisodchi Yuliy Yusupov mutasaddilar soliq ma’murchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlarga tuzatishlar kiritishga va’da berganini ma’lum qildi.

Qariyb 15 kun davom etgan bahslardan keyin hukumat biznes tomonga qadam tashladi.

27 yanvar kuni Moliya vazirligi va DSQning axborot xati e’lon qilindi.

Axborot xatidan anglashiladiki, tadbirkorlarga bir qator yengilliklar berilmoqda. Biz o‘zgarishlar yuzasidan qisqacha sharh beramiz.