Rusiyzabon mahalliy turistlardan biri tasvirga olib tarqatgan videoda ko‘rinishicha, Chor Minor majmuasi hovlisidagi bostirma ostida qo‘ylar uchun qo‘ton qurilgan va bu joyda qo‘ylarning qumalog‘i ham ko‘zga tashlanib turibdi. 4-5 chog‘li jonivor esa hovliga haydab qo‘yilgan.


Videoga javoban Buxoro viloyat madaniy meros boshqarmasi o‘z munosabatini e’lon qildi.
«O‘rganish natijasiga ko‘ra, Chor Minor madrasasi va uning atrofidagi hudud ayni paytda ozoda ekani, bu yerda hech qanday qo‘yxona mavjud emasligi va videoda aks etgan holat haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi ma’lum bo‘ldi», — deyiladi rasmiy munosabatda.
Boshqarma o‘zining 27 yanvar kungi raddiyasida tasvir 2,5-3 yil avval suratga olinganini ham da’vo qiladi va madrasa joylashgan «Alisher Navoiy» MFY raisi Shahnoza Kamolovaning so‘zlarini keltiradi.
«Ayol 2,5 yildan buyon ushbu mahallada ishlab kelmoqda va bu davr ichida ko‘rsatilgan joyda qo‘yxona mavjud bo‘lmagan, videodagi holat 3 yil oldin kuzatilgan», — deyiladi boshqarma munosabatida.
Holbuki, Kun.uz o‘z surishtiruvida aniqlashicha, videotasvir mutlaqo yangi — u 2022 yilda, yanvar oyida suratga olingan.
Videoda yaqqol ko‘ringan, qo‘ylar uchun qo‘ton sifatida foydalanilgan bostirma osti tozalab qo‘yilgan, oxur ham qayoqqadir yo‘qotilibdi. Shuning uchun qo‘y tezagining hidi kelmayotgandi. Biroq toshdan tiklangan devorda qo‘ylarning ishqalanishidan qolgan yag‘ir izlar hamon ko‘zga tashlanib turgandi. Demak, yaqin orada bu yerda qo‘y boqilgani haqiqatdan uzoq ma’lumot emas.


Biz ushbu hududda ishlovchi xodimlardan birini masala yuzasidan suhbatga tortdik. Shu majmuada qorovul bo‘lib ishlayotgan Mansur Safarovning aytishicha, qo‘ylar ikki bosh bo‘lgan. Ma’raka qilib so‘yish uchun 2 oycha ilgari keltirilib, shu yerga bog‘lagan.



















