Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Kiyevga keldi va Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy bilan ushbu mamlakat hududida turklarning «Bayraktar» rusumli zarbdor dronlarini ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvni imzoladi. Bu vaqtda NATO bosh kotibi Rossiya Belarusga 30 ming harbiy xizmatchi tashlaganini aytdi, Rossiya AQShning Yevropaga qo‘shimcha harbiy jo‘natish qarorini keskinlikning kuchaytirilishi deb atadi. BBC Ukraina atrofidagi so‘nggi xabarlarni jamladi.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, «Bayraktar»lar ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuv yangi ish o‘rinlarini yaratadi va «Ukrainaning mudofaa qobiliyatini mustahkamlaydi». «Bugun Ukrainada Baykar Makina kompaniyasining uchuvchisiz uchish qurilmalarini ishlab chiqarishni sezilarli darajada kengaytiruvchi kelishuv imzolandi», deya Zelenskiyning brifingdagi chiqishidan iqtibos keltiradi «Ukrainskaya pravda» nashri.

Ukraina mudofaa vaziri Aleksey Reznikov muzokaralardan avvalroq Ukrainada «Bayraktar»lar ishlab chiqaruvchi zavod endi qurilishini ma’lum qilgandi. U Kiyevda ishlab chiqariladigan dronlar ukrainlarning dvigatellari bilan jihozlanishi - uchar qurilmalar ham ukrain armiyasiga, ham turk armiyasiga yetkazib berilishini qo‘shimcha qilgan.

Zarbdor dronlar
Mutaxassislar fikricha, turklarning «Bayraktar» rusumli zarbdor dronlari 2020 yil kuzida Tog‘li Qorabog‘dagi urushda Ozarboyjonning g‘alaba qozonishida muhim rol o‘ynagan va Ukraina armiyasining mamlakat sharqidagi Rossiya tomonidan qo‘llanuvchi ayirmachilar bilan qarama-qarshiligida ham kuchlar nisbatini o‘zgartirishi mumkin.

Ukraina 2021 yil 26 oktyabrida ilk marta Donbassda «Bayraktar»dan foydalandi, undan uchirilgan raketa dushmanning gaubitsasini yakson etgan. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, o‘sha vaqtda Ukraina armiyasida shunday dronlardan 12ta bo‘lgan va harbiylar yaqin vaqt ichida shunday qurilmalardan 20dan ortig‘i sotib olinishi kutilayotganini aytishgandi. Dekabr oyida Bloomberg agentligi o‘z manbasiga asoslangan holda aslida Ukraina o‘nlab «Bayraktar»larga egaligi, lekin xaridlar haqida rasman e’lon qilmaganini yozdi.

Erdo‘g‘an Kiyevda Turkiya Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi ziddiyatni hal etishda vositachilik qilishga hamda o‘z hududida ushbu ikki mamlakat prezidentlari uchrashuvini tashkillashtirishga tayyorligini takrorladi. Shu bilan birga, Erdo‘g‘an Turkiya hamon Ukrainaning hududiy yaxlitligi tiklanishi tarafdori ekanini qayd etdi. Bu mamlakat Qrimni Rossiya hududi sifatida tan olmaydi va Rossiya tomonidan qrim-tatarlarga qarshi qatag‘onni qoralaydi.