Qisqa tanaffusdan so‘ng, kuchli beshlik chempionatlari ham maydonga qaytmoqda. Shu bilan mart oyi oxirigacha ayniqsa, yevrokubok ishtirokchisi bo‘lgan jamoalar juda ko‘p o‘yinlarda qatnashadilar. Ilk sinovlar ham oddiy emas – Italiyada Milan derbisi, Ispaniyada yana Kataloniya va Madrid to‘qnashuvi, Angliyada esa hayot-mamot o‘yini.

5 fevral (shanba)

INTeR – MILAN

O‘yin boshlanish vaqti: 22:00

TV-translatsiya: SportTV

Mana ikkinchi yildirki, Milan derbisi shunchaki tarixiy maqom emas, ayni damda turnir jadvaliga, hatto chempionlik kurashiga bevosita ta’sir qiladigan to‘qnashuvlar sirasiga kirib oldi. Birinchi davradagi o‘yin oldidan «Inter» turnir jadvalining uchinchi pog‘onasida, «Milan» esa chempionatni boshqarib turgandi. Oradan uch oy etib, endi teskari, «qizil-qoralar» uchinchi o‘ringa tushib ketgan bo‘lsalar, Indzagi shogirdlari karvonboshi bo‘lib oldilar.

Foto: Getty Images

Bu o‘yin ayniqsa «Milan» uchun muhim, zero jamoa hozir hamshaharidan bir o‘yin ko‘p o‘tkazgan holda 4 ochko ortda bormoqda. Ya’ni agar «Milan» mag‘lubiyatga uchraydigan bo‘lsa, qariyb o‘n ochkoga ortda qolib ketadi. Bu farqni yo‘qqa chiqarish esa mavsumda atigi bir marotaba mag‘lubiyatga uchragan barqaror «Inter»ga qarshi deyarli imkonsiz bo‘lib qoladi. «Inter» oxirgi va yagona marotaba oktabr oyida «Latsio»ga safarda mag‘lubiyatga uchragandi. «Milan» esa aksinchi, so‘nggi o‘yinlarni muvaffaqiyatsiz o‘tkazdi. «Spetsiya»ga qarshi o‘yindagi alamli mag‘lubiyatdan so‘ng, «Yuventus» bilan durang sodir bo‘ldi.

Tarkibdagi yo‘qotishlarga kelsak, «Inter»da Xoakim Korreadan boshqa jarohatlanganlar yo‘q. Yaqinda «Atalanta»dan transfer qilingan Robin Gosens esa yaqin kunlarda to‘liq tiklanishi aytilmoqda, ammo ushbu o‘yinda «zayavka»dan chetda qolsa kerak. Shuningdek, uch kun oldin Aleksis Sanches Chili milliy jamoasi safida Boliviyaga qarshi maydonga tushdi. Hujumchi Italiyaga qaytgan bo‘lsa-da, o‘yingacha tiklanib ulgurmasa kerak.

«Milan» safida esa Fode Ballo Senegal safida Afrika Millatlar kubogi finalida maydonga tushadi. Lekin u hozir Milanda bo‘lganida ham, asosiy tarkibda kutish qiyin edi, zero Teo Ernandes butkul sog‘ayib, so‘nggi o‘yinlarda chap qanotni o‘ziniki qilib ulgurdi. «Yuventus»ga qarshi o‘yinni jarohat tufayli erta tark etgan Zlatan Ibrahimovich ham katta ehtimol bilan maydonga tusha olmaydi. Ante Rebichning ham maydonga tushishi so‘roq ostida.