Olimpiada o‘yinlari har to‘rt yilda bir marta o‘tkaziladigan eng yirik xalqaro sport musobaqasidir. Dastlab tinchlik va xalqaro hamjihatlikni mustahkamlash maqsadida qayta tashkil etilgan sport musobaqasi o‘zining 126 yillik tarixi davomida geosiyosiy ta’sir o‘tkazish vositasi vazifasini ham o‘tagan. Buning natijasida bekor qilish, taqiqlash va boykot e’lon qilish kabi holatlar ham tarixda ko‘p uchragan.

Joriy yilning 4 fevralidan 20 fevraliga qadar bo‘lib o‘tadigan Pekindagi qishki Olimpiya o‘yinlariga ham AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada, Hindiston, Avstraliya, Litva, Kosovo, Belgiya, Daniya va Estoniya kabi davlatlar diplomatik boykot e’lon qilishdi. Bu mamlakatlar o‘z sportchilarini jo‘natishsa-da, mamlakat rasmiylari tadbirlarda qatnashishmadi.

Bunga sabab sifatida Shinjon va Tibetda inson huquqlari poymol etilayotgani, shuningdek, Tayvanga uyushtirilayotgan harbiy bosimlar keltirib o‘tilgan. Ammo bu zamonaviy Olimpiya o‘yinlari tarixidagi birinchi holat emas.

Quyida bir qancha davlatlar tomonidan boykot qilingan Olimpiya o‘yinlari haqidagi ma’lumotlar keltiriladi.

1956 yil, mezbon shahar: Melburn, Avstraliya

Boykot qilgan davlatlar: Xitoy, Misr, Iroq, Livan, Niderlandiya, Ispaniya va Shveytsariya

Avstraliya o‘z tarixida birinchi marta qabul qilgan Olimpiya o‘yinlari bir qancha mamlakatlar tomonidan siyosiy sabablarga ko‘ra boykot qilingan. Ochilish marosimiga bir oydan kamroq vaqt qolganda SSSR Vengriyadagi kommunistik rejimga qarshi norozilik harakatlarini bostirish maqsadida mamlakatga qo‘shin kiritadi. Bunga qarshi norozilik sifatida Niderlandiya, Ispaniya va Shveytsariya Melburndagi sport tadbirida ishtirok etishdan bosh tortadi.

Shu bilan birga, Xitoy ham musobaqada ishtirok etmasligini ma’lum qiladi va XXR 1980 yilgi qishki o‘yinlargacha birorta Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etmaydi. Buning sababi sifatida Xitoy hukumati ajralib chiqqan viloyat deb hisoblaydigan Tayvanga alohida davlat sifatida ishtirok etishga ruxsat berilgani keltirib o‘tiladi.

Britaniya-Isroil-Fransiya bosqinidan keyin Suvaysh kanalida yuzaga kelgan inqiroz tufayli Misr, Iroq va Livan ham 1956 yilgi musobaqani boykot qilgan.

1964 yil, mezbon shahar: Tokio, Yaponiya

Boykot qilgan davlatlar: Xitoy, Shimoliy Koreya va Indoneziya

Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi (XOQ) 1963 yilda Jakartada Yangi paydo bo‘lgan kuchlar nomi bilan o‘tkazilgan ko‘p millatli havaskorlar musobaqasida qatnashgan sportchilarni diskvalifikatsiya qilishini e’lon qiladi. Bunga javoban Osiyo qit’asida o‘tkazilgan birinchi Olimpiya o‘yinlari Xitoy, Shimoliy Koreya va Indoneziya tomonidan boykot qilinadi. Sabab sifatida Jakartadagi musobaqada ushbu davlatlardan eng ko‘p va eng yaxshi sportchilar qatnashganligi keltirilgan.