Yuriy Sarkisyan Farg‘onadagi 26 yillik faoliyati davomida «Neftchi» jamoasini O‘zbekistonning yetakchi klubiga aylantirgan edi. Vodiy klubi nafaqat Oliy ligada, Hamdo‘stlik kubogi va Osiyo Chempionlar ligasidagi ishtiroki bilan ham MDH va Osiyoda nom qozona olgandi. Tribuna.uz Sarkisyan murabbiyligidagi «Neftchi» safida javlon urib, klub yetakchilari darajasiga chiqa olgan Anvar Berdiyev, Nosir Otaqo‘ziyev va Mansur Saidov bilan uchrashib, intervyu oldi. Suhbat davomida jamoaning sobiq o‘yinchilari 90-yillar oxiri va 2000-yillar boshidagi voqealarni eslab o‘tishdi.

O‘sha nomdor tarkibdagi «Neftchi»dan Nosir Otaqo‘ziyev hozirda Farg‘ona viloyati futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti sifatida ishlayotgan bo‘lsa, Anvar Berdiyev «Turon» klubi bosh murabbiyi sifatida faoliyat boshlagan. 38 yoshli yarimhimoyachi Mansur Saidov esa jonajon klubini tark etgan bo‘lsa-da, futbolchilik faoliyatini rasman yakunlagani yo‘q.

«Familiyalarni eshitsam, boshqacha bo‘lib ketardim». Eng kuchli «Neftchi» haqida

Anvar Berdiyev: «Neftchi»da eng kuchli jamoa sifatida bizdan oldin o‘ynagan tarkibni ayta olaman. 90-yillar boshidagi tarkib hujumida Rustam Do‘rmonov, Ravshan Bozorov, keyinchalik Shuhrat Maqsudov harakat qilgandi. Samarqand futbol maktabida o‘qib yurgan kezlarimda bu familiyalarni eshitsam, boshqacha bo‘lib ketardim.

1995 yilda «Mash’al» ketma-ket Oliy liga va O‘zbekiston kubogida «Neftchi» bilan o‘ynashiga to‘g‘ri kelib qoladi. Birinchi o‘yindan keyin Stepan Atoyan oldimga kelib, Yuriy Sarkisyan menga qiziqish bildirayotganini aytdi. O‘sha vaqtda «Neftchi» O‘zbekistonning eng dongdor jamoasi edi va bu men uchun alohida voqea bo‘lgan».

Foto: HasanPirmuhamedov

Nosir Otaqo‘ziyev: «O‘zimdan oldingi tarkibni «Neftchi»ning eng kuchli jamoasi, deb bilaman. Lekin men faxrlanadigan narsa shuki, o‘sha jamoada Sergey Lebedev kabi katta futbolchilar bilan o‘ynashga muvaffaq bo‘lganman. 2003 yilda «Tsementchi Quvasoy» klubidan Farg‘onaga o‘rinbosarlar vakili sifatida kelganman. Ular biz uchun haqiqiy afsonalar bo‘lgandi, ular bilan bitta mashg‘ulot bazasida yashaganimizdan, bitta oshxonada ovqatlanganimizdan faxrlanardik».