Xorazm viloyati sudi raisi Bahodir Polvonov 2021 yil yakuni bo‘yicha fuqarolar huquqlari va erkinliklari, shuningdek, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini sud orqali himoya qilishga oid faoliyati yuzasidan axborot berdi.
Qayd qilinishicha, Xorazm viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlari tomonidan 2021 yil davomida 1624 nafar shaxsga nisbatan 1289 ta jinoyat ishi ko‘rib tamomlangan. 1275 nafar shaxsga nisbatan 966 ta jinoyat ishi bo‘yicha hukm chiqarilgan, 346 nafar shaxsga nisbatan 320 ta jinoyat ishi tugatilgan, 3 ta jinoyat ishi bo‘yicha 3 nafar shaxsga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilgan.
90 nafar shaxs qamoqdan ozod etilgan. 803 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan. Barcha instansiyalarda 26 nafar shaxsga nisbatan 18 ta jinoyat ishi bo‘yicha oqlov hukmi chiqarilgan.
Ushbu davrda 26095 nafar shaxsga nisbatan 21840 ta ma’muriy huquqbuzarlik ishlari ko‘rib tamomlangan bo‘lib, shundan 14383 nafar shaxsga nisbatan 12833 ta ish bo‘yicha ma’muriy jazo qo‘llanilgan, 11712 nafar shaxsga nisbatan 9007 ta ish tugatilgan.
2021 yilda o‘g‘irlik jinoyati bo‘yicha sudlanganlar 19 taga (2020 yilda 188 ta, 2021 yilda 207 ta), qasddan badanga og‘ir yoki o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish jinoyati bo‘yicha 26 taga (64/90), o‘zgalar mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish jinoyati bo‘yicha 81 taga (22/103), poraxo‘rlik jinoyati bo‘yicha 25 taga (44/69), bezorilik jinoyati bo‘yicha 15 taga (45/60) oshgan.
Sudlarning jinoyatlarga qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi borasidagi faoliyat samaradorligini kuchaytirish maqsadida 461 ta (35,8 foiz) jinoyat ishi aynan jinoyat sodir bo‘lgan joylarda, mahallalarda, tegishli tashkilot va muassasalarda sayyor sud majlislari tartibida ko‘rib chiqilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan xotin-qizlarga nisbatan 160 ish ko‘rilgan va 128 ta ish bo‘yicha 149 ayolga sud hukmi chiqarilgan. Shuningdek, jinoyat ishlari bo‘yicha birinchi instansiya sudlari tomonidan 621 nafar 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga nisbatan 512 ta ish ko‘rib chiqilgan va 365 ta ish bo‘yicha 468 nafar yoshga sud hukmi chiqarilgan.
Shuningdek, 226 nafar shaxsga nisbatan korrupsiya bilan bog‘liq jinoyat ishi ko‘rilib, 200 nafar shaxsga sud hukmi bilan jazo tayinlangan. Odam savdosi jinoyati bo‘yicha jami 20 nafar shaxsga nisbatan 13 ta ish ko‘rilib, 19 nafar shaxsga sud hukmi bilan jazo tayinlangan. Giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha jami 111 nafar shaxs sudlanib, ularga tegishli jazo tayinlangan.















