Vazir o‘rinbosari 2022 yilning yanvar oyida 35 ta gaz to‘ldirish shoxobchasida o‘tkazilgan tekshiruvlarda umumiy texnik reglament va davlat me’yorlariga rioya qilinmagan 233 ta kamchiliklar aniqlangani, shu bois to ularni bartaraf etmaguncha, 12 ta shoxobchaning faoliyati 10 kunga to‘xtatib qo‘yilganini ma’lum qildi.

«Texnik reglamentni buzgan holda noqonuniy ravishda gaz ballonlarini sinovdan o‘tkazayotgan 4 ta yuridik shaxs aniqlanib, bu haqda tegishli hujjatlarni rasmiylashtirgan holda tergov idoralariga taqdim etildi.

Avtomobillarga o‘rnatilgan gaz ballonlari bilan bog‘liq noxush holatlarning aksariyati gaz to‘ldirish shoxobchalarida yoki u yerdan chiqqan vaqtda sodir bo‘lmoqda. Shu bilan birga noxush holatlarning kelib chiqishiga gaz to‘ldirish shoxobchalarining o‘z manfaatlarini ko‘zlab, ko‘proq daromad olish maqsadida ballonlarga me’yoridan ortiq (200 atmosfera bosimidan ziyod) gaz to‘ldirish, gaz uskunalari o‘rnatuvchi va texnik sinovdan o‘tkazuvchi tashkilotlar tomonidan tegishli reglament talablariga rioya etilmagani sabab bo‘lmoqda

2021 yilda avtomobillarga o‘rnatilgan 16 ta gaz balloni portlagan. Portlashlarning 12 tasi ballonlardan 7–2 yilgacha bo‘lgan muddat davomida foydalanib kelinayotgani oqibatida sodir bo‘lganini ko‘rsatmoqda», – deydi Bekmurod Abdullayev.

Vazir o‘rinbosari avtomobillarga gaz ballonlarini o‘rnatish, almashtirish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish jarayonida texnik reglament va davlat me’yorlariga rioya qilinishini ta’minlash uchun nazorat organlarida yetarli darajada vakolat yo‘qligi, shu sababli fojialarning oldini olish imkoni bo‘lmayotganini aytmoqda.

Bekmurod Abdullayev, ichki ishlar vaziri o‘rinbosari. Foto: Kun.uz

“Texnik reglament talablarini buzish holatlari yuzasidan gaz quyish shoxobchalarida hamda gaz ballon uskunalarini o‘rnatuvchi va texnik sinovdan o‘tkazuvchi tashkilotlarga keskin choralar ko‘rish uchun nazorat qiluvchi organlarning vakolati cheklangan. Korxona va tashkilotlarning gaz ballon o‘rnatilgan transport vositalari xavfsizligini ta’minlash va nazorat qilish bo‘yicha elektron tizim mavjud emas. Tashkilotlarda gaz ballonlari texnik sinovdan o‘tkazilgan avtomobillar to‘g‘risidagi ma’lumotlar saqlanmaydi va xizmat ko‘rsatish jarayoni ustidan umuman nazorat o‘rnatilmagan.