Navoiyda noqonuniy oltin qazib olayotgan 54 kishi ushlandi
Konimex tumanidagi Lolazor nomli tashlandiq oltin koni hududida noqonuniy oltin qazib olayotgan 7 ta guruh qo‘lga olingan. Oldinroq ushbu hududda 4 kishi qum bosib qolishi oqibatida vafot etgandi.
Navoiy viloyati IIB axborot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, 22 fevral kuni viloyat IIB JQB, Zarafshon shahar IIB, Milliy gvardiya va FVB xodimlari hamkorligida tashlandiq kon hududida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida 7 ta guruh tarkibida noqonuniy oltin qazib olayotgan 54 kishi ushlangan. Ular Navoiy viloyatining Xatirchi, Navbahor, Samarqand viloyatining Narpay va Paxtachi, Buxoro viloyatining Shofirkon hamda Vobkent tumanlarida yashovchi fuqarolar bo‘lgan.
Mazkur shaxslar foydali qazilmalarni qazib olish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanib kelayotganligi aniqlangan. Ulardan 4 dona dvijok, 7 dona elektron bolg‘a, 2 ta Ford mashinasi, 2 tonna tarkibida oltin zarralari bo‘lgan tosh-qum, shuningdek, qazish ishlarida ishlatiladigan turli uskunalar, tosh maydalovchi qurilmalar hujjatlashtirib olingan.
Ta’kidlanishicha, tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida 54 nafar fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritilib, ulardan tushuntirish xatlari hamda barmoq izlaridan namunalar olingan. 2 tonna qum esa tarkibida qancha miqdorda oltin borligini aniqlash maqsadida NKMK DK MKBga tegishli laboratoriyaga topshirilgan.
Oldinroq ushbu hududda 5 nafar shofirkonlik fuqaroni qum bosib qolgan va ularning 10 kun tuproq ostida qolib ketgan murdasi 30 metr chuqurlikdan topilgandi.
2021 yilning 13 noyabr kuni ham mazkur tashlandiq konda 4 kishi qum bosib qolishi oqibatida vafot etgandi.
Mavzuga oid
13:31 / 22.11.2024
Buxoro va Navoiyda saksovullarni sindirganlarga 43 mln so‘m jarima belgilandi
14:11 / 11.11.2024
Navoiyda Nexia va Exeed to‘qnashishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi
12:32 / 06.11.2024
Misr Navoiydagi mis konida burg‘ilash ishlarini boshladi
16:28 / 01.11.2024