Qashqadaryo viloyati hokimi Murodjon Azimov viloyat aholisiga murojaat qildi. U viloyatda ko‘chat ekish an’anasini keng ommalashtirish, hududda yashillikni ko‘paytirib, yirik bog‘lar yaratish taklifini ilgari surgan.
Azimov mamlakat bo‘ylab Prezident rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarga urg‘u berar ekan, ayniqsa ona tabiatni asrash va tabiiy resurslardan samarali foydalanish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini ta’kidlagan.

“Azal-azaldan ko‘chat ekkan, bog‘ yaratgan insonlarga xalqimiz alohida ehtirom bilan qarab, ulug‘lab keladi.
O‘z navbatida, bahor eshik qoqayotgan shu kunlarda viloyatimizning har bir fuqarosining yon-atrofni xushmanzara bo‘lishiga hissa qo‘shishini xohlaymiz.
Ko‘chat ekish, gul-u nihollarni ko‘paytirish bu – musaffolik, ekologik muhit sofligi hamda ona tabiatga g‘amxo‘rlik va insoniylikning yuksak namunasidir!
Eng muhimi, shu toza havodan o‘zingiz, oila a’zolaringiz, boringki kelajakda nevara-evaralaringiz nafas oladi. Yoniga farzandi, nevaralarini olib ko‘chat ekkan hamyurtimiz ularga ibrat bo‘ladi, bu qadriyatning davomli bo‘lishini ta’minlaydi.
Agar “ekologik muhit ifloslandi” yoki “buzildi” deb qo‘l qovushtirib turaversak, keyingi 5-10 yillikda ahvol qanday bo‘ladi? Bir o‘ylab ko‘ring.
Hurmatli vohadoshlar, aziz yoshlar!
Hadisi sharifda bizga ato etilgan ne’matlarni, ona tabiatni asrab-avaylash, ko‘chat ekish, bog‘ yaratish, iymonning yarmi ekani, ekilgan har bir daraxtning mevasidan yoki soyasidan boshqalar bahramand bo‘lsa, uni ekkan kishiga savob yozilishi haqida aytiladi.


Viloyatimizning barcha hududlarida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish belgilab olingan.
Mavjud 796 ta mahalla va 13 800 dan ortiq ko‘chalarni obod qilish, mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish, bog‘ barpo etish, ona tabiatni asrashga o‘z hissamizni qo‘shish bo‘yicha dastur ishlab chiqildi.














