28 fevral kuni, urushning beshinchi kunida deyarli barcha yo‘nalishlarda Rossiya armiyasining yurishi sekinlashdi. Faqat Donbassda Ukraina armiyasi va o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan DXR va LXR respublikalari ayirmachilari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar davom etmoqda.
Shu bilan birga bu kunda jiddiy o‘zgarishlar kuzatildi: Rossiya qo‘shinlari Xarkovdagi aholi turar joylari joylashgan kvartallarga artilleriya bilan halokatli zarbalar bera boshladi, bu yerda 27 fevral kuni Rossiya razvedka guruhi qaqshatqich mag‘lubiyatga uchrab, o‘nlab rus harbiylari asirga tushgandi. Shu vaqtgacha Rossiya qo‘shinlari aholi punktlariga og‘ir qurollar bilan kamdan kam hollarda zarba berayotgandi (katta ehtimol bilan Rossiya mudofaa vazirligining rejasi avvalboshdan tinch aholiga hujum qilmaslik bo‘lgan).
Xarkovga «Grad» baravar o‘t ochish tizimlaridan zarba berilgan. Ukraina ichki ishlar vaziri maslahatchisi Anton Gerashchenkoning ma’lum qilishicha, ushbu hujum oqibatida o‘nlab qurbonlar va yuzlab jabrlanganlar bor.
Amerika harbiy tadqiqot institutining (CNA) Rossiya yo‘nalishi bo‘yicha bo‘limi direktori Maykl Kofmanning hisoblashicha, Rossiya armiyasi hamisha o‘rganib kelgan ishini qilmagan: «Rossiya armiyasi, birinchi navbatda, artilleriyaga tayanadi, va shu vaqtgacha bu urushda undan faqat cheklangan tartibda foydalanildi». Uning fikricha, Rossiya mudofaa vazirligi «[haqiqiy] harbiy amaliyotsiz keng ko‘lamli bostirib kirish orqali natijaga erishishga harakat qilgan».
Kofmanning aytishicha, bunday yondashuvdan voz kechilishi va artilleriya keng qo‘llanishi, jumladan aholi punktlarida, muqarrar. Uning fikricha, Xarkovga baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari orqali o‘qqa tutilishi — Rossiya armiyasi «o‘rgatilganidek» urush qilishga tayyorligi alomatidir. Bu holda esa tinch aholi orasida qurbonlar soni o‘sishidan qochib qutulib bo‘lmaydi.
Ikkinchi o‘zgarish — Xarkov ustida Rossiyaning Su-34 rusumli zamonaviy bombardimonchi samolyoti paydo bo‘ldi. Kofmanning yozishicha, Rossiya armiyasi asosan harbiylarni qo‘llab-quvvatlash uchun Su-25 shturmoviklari va operativ-taktik raketalardan foydalanayotgandi. Endi, katta ehtimol bilan, Rossiya qo‘mondonligi jang maydonida va ichkari hududlarda aviatsiyadan keng foydalanish uchun Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimlari va Ukraina armiyasi harbiy-havo kuchlariga yetarlicha zarar yetkazilgan degan xulosaga kelgan.

















