O‘zbekiston | 07:31 / 07.03.2022
12077
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainada qolib ketgan yuk tashuvchilarning Rossiya chegarasidan o‘tishi masalasi ustida ishlamoqda

O‘zbekiston va Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainada qolib ketgan yuk mashinasi haydovchilarini Rossiya chegarasidan o‘tkazib yuborish masalasi ustida ishlamoqda. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi.

O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, konsullik boshqarmasi koll-markazi Ukraina hududidan Rossiyaga xalqaro avtomobil nazorat punktlari orqali chiqib keta olmayotgan avtomobilda yuk tashuvchi o‘zbekistonliklarning murojaatlarini qabul qilishni davom ettirmoqda.

Kelib tushayotgan murojaatlar asosida ro‘yxatlar tuzilib, Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga Ukraina-Rossiya davlatlararo chegarasida xalqaro avtomobil nazorat punktlari orqali transport vositalari o‘tishiga yordam berish so‘rovi bilan rasmiy ravishda murojaat qilinmoqda. Bir vaqtning o‘zida ushbu masalalar bo‘yicha Rossiya Mudofaa vazirligi bilan ham ish olib borilmoqda.

Ayni paytda, Rossiya tomoni ko‘magida o‘zbekistonlik 12 nafar avtotashuvchi mamlakatga kiritilgan. Ularning 8 nafari Ukrainaning Sumi viloyatida, 3 ta avtomobil Xarkov viloyatida, 1 ta avtotransport Rossiya chegarasidan Ukrainaga o‘tuvchi “Nexoteyevka” neytral hududining nazorat o‘tkazish punktida bo‘lgan.

Xabarlarga ko‘ra, 5 nafar O‘zbekiston fuqarosi Ukraina hududida, chegara chizig‘idan uzoqroq masofada, 4 ta yuk mashinasida bo‘lib turibdi. Vaziyat barqarorlashib, xavfsiz o‘tish imkoniyati yuzaga kelgach, ularning chegaraga yetib kelishi kutilmoqda.

Elchixona va bosh konsulxona ma’lum qilishicha, zarurat tug‘ilganda fuqarolar quyida ko‘rsatilgan ishonch telefonlariga murojaat qilishi mumkin:

O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi: +7 499 230-00-76, +7 499 230-00-32;

Rostov-Don shahridagi bosh konsulxona: +7 988 586-59-82, +7 918 554-04-76, +7 988 586-70-35, +7 988 586-59-82.

Bundan avval Ozarboyjondagi elchixona o‘zbekistonlik yuk tashuvchi haydovchilarni ogohlantirgandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid