Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qadam amerikaliklarning Putin rejimiga yana bir kuchli zarba berganini anglatadi.

«Biz Putinning urushini subsidiyalashda ishtirok etmaymiz», deya qo‘shimcha qilgan Bayden.

O‘z bayonotida Bayden bu qarorni AQSh ittifoqchilar bilan maslahatlashib qabul qilganini, AQSh Yevropadagi ittifoqchilarning Rossiyadan energiya resurslari importiga nisbatan taqiqlarga qo‘shila olmasligini yaxshi tushunishini bildirgan.

Bayden amerikaliklarni ushbu taqiq tufayli mamlakatda benzin va gaz narxi oshishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

U Ukrainadagi urush neft kompaniyalarining narx-navoni oshirishi uchun bahona bo‘lmasligi haqida gapirgan.

AQSh ma’lum to‘lov qilishi, ammo bu erkinlik uchun to‘lov bo‘lishi ta’kidlangan.

Baydenning so‘zlariga ko‘ra, prezident Putin «nima qilib bo‘lsa ham o‘z qonli yo‘lini davom ettirishga qaror qilgan». Bayden Putin hech qachon Ukrainada g‘alaba qozona olmasligiga va’da berdi.

«Ukraina hech qachon Putin tomonidan zabt etilmaydi. U bir shaharni egallashi mumkin, ammo u butun mamlakatni egallay olmaydi», dedi Amerika prezidenti. 

U AQSh Kongressini Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun 12 mlrd dollarlik yordam paketini qabul qilishga chaqirdi.

Energiya resurslari narxi oshishi xavfi mavjud ekaniga qaramay, bu qarorni Amerikaning ikki yetakchi partiyasi ham qo‘llab-quvvatlagan.

Shunday qaror qabul qilingani va tez orada rasman e’lon qilinishi haqidagi xabarlar ortidan neft narxi osha boshladi. Brent markasidagi neft narxi 5 foizdan ko‘proqqa oshib, bir barreli 130 dollarga yetdi.

Qayd etish kerakki, Rossiya nefti va gaziga ko‘proq bog‘lanib qolgan Yevropa mamlakatlari bilan solishtirganda AQShning bu harakati shoshilinch amalga oshirildi.

Avvalroq Kanada Rossiya nefti importiga taqiq o‘rnatilganini e’lon qilgandi.

Britaniya va YeI

Buyuk Britaniya hukumati ham 2022 yil oxiriga qadar Rossiya nefti va neft mahsulotlari importidan bosqichma-bosqich voz kechilishini ma’lum qilgan.