Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Kegeyli tumanida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishib, mas’ullarga maslahat, tavsiya va ko‘rsatmalar berib bormoqda. Mazkur hududda andijonlik tadbirkorlar tomonidan 2022-2023 yillar davomida umumiy qiymati 604 milliard so‘m bo‘lgan 23 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Ushbu loyihalar hisobiga 1700 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.


Viloyat rahbari «Sabo hamkor» MChJga qarashli zamonaviy «Nethouse» yozgi issiqxona va logistika markazida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. Tumanda andijonlik tadbirkor tomonidan 5 milliard so‘m mablag‘ evaziga bir vaqtning o‘zida 150 kitobxonga foydalanish imkoniyatini beruvchi kutubxona qurilishi bilan tanishdi.


Shuningdek, Shuhratbek Abdurahmonov tumanning Xalqobod mahallasidagi xonadonlarda bo‘ldi. Hozirda ushbu hududdagi oilalarga "Munavvaroy Agro Klaster" MChJ tomonidan tuxumga kirgan 2 ming bosh tovuq tarqatilib, yana 8 ming bosh tovuqni yetkazish choralari ko‘rilmoqda. Ushbu klaster korxonasi tomonidan tovuqlar ozuqasini o‘z vaqtida yetkazib berish, veterinar xizmatini yo‘lga qo‘yish va tuxumlarini qayta sotib olish tizimi yaratildi. Xonadonlarga ishkomlar, kichik issiqxonalar ham qurib berilmoqda. Andijon viloyati tadbirkorlari tomonidan kasanachilik mahsulotlari ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Bu orqali aholini hunarga o‘rgatib, ishsizlikning oldini olish maqsad qilingan. Bu tizim Kegeyli tumanidagi barcha mahallalarda yo‘lga qo‘yiladi.


Hududning ekologik holatini yaxshilash maqsadida hozirda faollar tomonidan 200 ming tup terak hamda 10 ming tup tut daraxti ko‘chatlari yetkazilib, ko‘cha bo‘ylari, xiyobonlarga o‘tqazilmoqda.
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Kegeyli tumanidagi 16 ta mahallaga biriktirilgan hokim yordamchilari hamda yoshlar yetakchilari bilan doimiy muloqot o‘tkazmoqda.























