«Ma’lumki, Islom dini manbalarida har bir holat uchun – yaxshi-yomon kunlar, xursandchilik-musibatli damlarda o‘ziga xos duolarni o‘qish haqida bayon etilgan. Haq taolodan shu kunlarda yurtimizda bo‘layotgan yog‘ingarchiliklarning salbiy oqibatlaridan panoh va yaxshiliklarga sababchi bo‘lishini so‘rab, vaqtli namozlarda, xususan, bugun, 16 mart kuni peshin namozida mamlakatimizdagi barcha jome masjidlarda yog‘ingarchiliklar oqibatlaridan panoh va yaxshiliklarga sababchi bo‘lish duosi (ISTIS’HO) o‘qiladi», — deyiladi idora xabarida.

«Istis’ho» — yomg‘ir tinishini so‘rash duosiga doir ma’lumotlar bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasining rasmiy saytida to‘liq tanishib chiqishingiz mumkin.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda bir necha haftadan buyon yog‘ingarchilik deyarli tinmayapti. Buning oqibatida ko‘plab shaharlarning ayrim ko‘chalari suvga to‘lgan hamda mashinalar harakati cheklanmoqda. Qamchiq va Taxtaqoracha dovonlarida yo‘llarning bir qismi o‘pirilib tushdi.

Shuningdek, Gidrometereologiya xizmati uzluksiz davom etayotgan yog‘ingarchiliklar oqibatida, respublikaning 9 ta hududida sel kelish xavfi mavjudligini e’lon qilgan.