Tadbirlar yakunida u shuningdek, Kun.uz muxbiriga ko‘p yillik rahbarlik faoliyati bo‘yicha ham intervyu berdi. 

Zoir Mirzayev bilan bo‘lgan intervyuning birinchi qismi avvalroq e’lon qilingandi. Quyida uning ikkinchi qismi matni bilan tanishishingiz mumkin. 

—  Hozir men aytadigan holatni birdaniga inkor qilarsiz, lekin jamoatchilikda bu borada turli gumon va savollar bor ekanki, biz bu masalani amaldorlar oldida ko‘taraveramiz.  

So‘nggi vaqtlarda qator hokimlarning chiqargan ko‘plab noqonuniy qarorlari, topshiriqlari rasman e’lon qilinmoqda. Ammo ulardan birortasi bu qarorlari uchun jazolanmadi. Bundan tashqari, ayrim hokimlarning atrofida manfaatlar to‘qnashuvi, korrupsiyaviy holatlarni ham eshitib qolamiz. Xo‘sh, hokimlarni jazolamaslik bo‘yicha qandaydir moratoriy amaldami?

— Men hech qanday moratoriy haqida eshitmaganman. Qing‘ir ishning qiyig‘i 40 yilda ham chiqadi, deyishadi. Shunday ekan, hokimlar noto‘g‘ri narsaga qo‘l qo‘ygan yoki shu ishning boshida turgan bo‘lsa, albatta javobini beradi.

Yer sotish holatlarini ko‘ring. Bir fuqaro ikkinchisiga yoki bir hokim o‘rinbosari ikkinchi fuqaroga yer sotishga harakat qilyapti.

Agar bu kabi ishlarda bevosita hokimning qo‘li bo‘lsa, huquq tartibot idoralari qarab turmaydi. Qonunda aybsizlik prezumpsiyasi degan tushuncha ham bor.

Bizda hozir  korrupsiyaga qarshi qattiq kurash ketyapti. Bunda birorta hokim ayalmaydi, men bunga kafilman. Masalan, men Toshkent viloyatidagi tuman hokimlari yoki o‘rinbosarlarimga aytdim, bo‘ldi endi, yig‘ishtiraylik. Lekin baribir miyasidagi fikrini hali to‘g‘rilab ulgurmagan insonlar viloyat sha’niga dog‘ tushirmoqda. Lekin endi ular yer sotolmaydi, chunki hujjat qilib bo‘lmaydi-da.

Yerni sotdi ham deylik, lekin uning qarori uchun ertaga kimga borasan? Hokimdan vakolat ketgan bo‘lsa, viloyat hokimi qo‘l qo‘yolmasa. Faqat kadastr hal qiladi-ku endi.