Jamiyat | 16:13 / 20.03.2022
14209
4 daqiqa o‘qiladi

SSV tashabbusi bilan donorlik aksiyasiga start berildi

SSV vazirlik tashabbusi bilan “Qon topshir – hayot in’om et!” aksiyasiga start berilganini xabar qildi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bo‘ldi.

«Tashrif davomida muassasada aholining sifatli qonga bo‘lgan ehtiyojini qoplash, bemorlarni zarur qon komponentlari bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, bu borada yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Ma’lumki, koronavirus pandemiyasi butun dunyoda bo‘lgani kabi mamlakatimizda ham donorlar soni keskin kamayishiga sabab bo‘ldi. 

Natijada og‘ir bemorlarning donorlik qoniga bo‘lgan talabi sezilarli darajada oshdi. Qolaversa, so‘nggi yillarda yurtimizda noyob yurak operatsiyalari, inson tana a’zolarini ko‘chirib o‘tkazish kabi murakkab jarrohlik amaliyotlarining yo‘lga qo‘yilishi hamda xavfli kasalliklar diagnostikasining yaxshilanishi sababli sifatli qon komponentlariga bo‘lgan ehtiyoj yanada ortdi.

Birgina misol. Bugungi kunda bitta jigar transplantatsiya operatsiyasi uchun 30 litrgacha qon plazmasi zarur. Bu komponent esa 120 nafar insondan olinadi. Shuning o‘ziyoq, donorlikning ahamiyati naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga ko‘ra, har bir davlat o‘z aholisining qonga bo‘lgan ehtiyojini qoplash uchun har 1000 nafar kishiga donorlar soni 30 nafar va undan ortiq bo‘lishi lozim. Bizda esa bu raqam 5 nafarga to‘g‘ri keladi», deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida. 
 

Vazir tashrif davomida shu haqda so‘z yuritar ekan, sohani yanada rivojlantirish uchun aholi orasida ushbu xayrli ishni keng yoyish, buning uchun, eng avvalo, tibbiyot xodimlari yurtdoshlarimizga namuna bo‘lishi hamda bor mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi kerakligini qayd etdi.

Shundan so‘ng Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan «Qon topshir – hayot in’om et!» xayriya aksiyasiga start berildi va unda vazir birinchilardan bo‘lib qon topshirdi.

«Qon – bebaho ne’mat, uning bir tomchisi bemor insonni hayotga qaytarishi mumkin.Shu sababli beg‘araz donorlik orqali qonga muhtoj bo‘lgan kishilarga ko‘mak berish odamiylikning eng yuksak namunasidir. O‘ylaymanki, ana shu ezgu maqsadda boshlagan bugungi aksiyamiz qanchadan-qancha og‘ir bemorlarning darddan xalos bo‘lishiga yordam beradi», degan vazir.

Tadbirda, shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi markaziy apparati xodimlari, tibbiyot muassasalari mas’ullari, shifokor va hamshiralar ham faol ishtirok etib, beg‘araz donor sifatida ushbu xayrli ishga munosib hissa qo‘shdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi barcha yurtdoshlarimizni «Qon topshir – hayot in’om et!» aksiyasida faol ishtirok etishga, beg‘araz donor bo‘lib, yordamga muhtoj bemorlarga ko‘mak berishga chaqiradi.

Ushbu aksiyada ishtirok etmoqchi bo‘lgan yurtdoshlarimiz Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining +998 97 750 57 52 hamda Respublika qon quyish markazining +998 98 367 40 06 telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin.

Mavzuga oid