Ukraina harbiy-dengiz kuchlari payshanba kuni tongida rossiyaliklar tomonidan egallab olingan Berdyansk portida Rossiya harbiy-dengiz flotining «Orsk» yirik desant kemasi portlatilgani, yana ikki kema shikastlangani haqida xabar tarqatdi.
Juma kuni esa Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi portda aslida «Orsk» emas, boshqa yirik desant kemasi «Saratov» zarbaga uchragani haqida ma’lum qildi. Ochiq manbalarga ko‘ra, bu korabl ham 1171 loyihasiga mansub.
Ukraina harbiylari payshanba kuni e’lon qilgan videolarida kema ular tomonidan berilgan zarbalar oqibatida portlaganini ma’lum qilishgandi.

Mart oyi boshidan buyon qamalda qolayotgan Mariupoldan g‘arbroqda joylashgan Berdyansk fevral oyi oxirida, Ukrainaga bosqinning to‘rtinchi kunida egallangandi. Rossiya portdan o‘z harbiylariga texnikalar yetkazib berishda foydalanmoqda.
Rossiya mudofaa vazirligi telekanali bo‘lmish «Zvezda» efirida 21 mart kuni Qora dengiz floti tarkibidagi «Orsk» desant kemasi Berdyansk portiga kirgani haqida xabar qilingandi.
Berdyansk muhim strategik ahamiyatga ega - u Rossiya tomonidan 2014 yilda anneksiya qilingan Qrim va qamaldagi Mariupol o‘rtasida joylashgan. Mariupolni tark etganlarning ayrimlariv Berdyanskka kelishgan.
Berdyanskning olinishi va Melitopolning qamal qilinishi Qrimdan Rossiya chegarasigacha (Rostov oblasti) quruqlikdagi ko‘prik o‘rnatilishiga olib kelishi mumkin.

Ukrainadagi urush. So‘nggi soatlardagi asosiy ma’lumotlar:
- Payshanba kuni kechqurun Bryusselda qizg‘in diplomatik faollik kuzatildi, NATO, Yevroittifoq va «Katta yettilik» davlatlari yetakchilari o‘zaro uchrashuvlar o‘tkazdi.
- AQSh prezidenti Jo Bayden Shimoliy Atlantika alyansi hech qachon hozirgi kabi birdam bo‘lmaganini qayd etdi. U bu birdamlikni kiritilgan sanksiyalar Kremlda qabul qilinadigan qarorlarga ta’sir ko‘rsatishi uchun yetarlicha uzoq saqlab qolishga chaqirdi.
- Bayden ham, britanlar bosh vaziri Jonson ham, Fransiya prezidenti Makron ham agar Moskva Ukrainada kimyoviy qurol qo‘llasa, qanday javob qaytarilishi borasidagi savolga javob qaytarmadi.





















