21 mart kunidagi muzokaralar 1,5 soat davom etgan. Keyinchalik muzokarachilar ishchi guruhlarga bo‘lingan holda muloqotni davom ettirgan. Ikki tomon aytayotgan gaplardan muzokaralar o‘zani qaysi tomonga qarab ketayotgani haqida aniq xulosaga kelish qiyin, chunki urush holatida hamma o‘z manfaatini o‘ylab gapiradi, axborot urushi cho‘qqiga chiqqan. BBC ekspertlari muzokaralar qanday holatda ekanini taxmin qilib ko‘rdi.

Boshlanishi

Muzokaralar 28 fevral kuni boshlandi. Bu vaqtda urushning beshinchi kuni o‘tayotgan, ko‘plab odamlar o‘lib bo‘lgandi. Ilk uchrashuv Belarusning Gomel oblastida, Ukraina chegarasi oldidan oqib o‘tuvchi Pripyat daryosi bo‘yida o‘tkazildi.

Ilk muzokaralarga borgan guruhlar ko‘pchilikni hayron qoldirdi. Rossiya delegatsiyasini sobiq madaniyat vaziri, hozirda Putinning yordamchisi vazifasida ishlayotgan Vladimir Medinskiy boshqardi. U Rossiya harbiy-tarixiy jamiyati raisi ham hisoblanadi. Rossiya muzokarachilari guruhiga tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andrey Rudenko, Rossiyaning Belarusdagi elchisi Boris Grizlov, Duma xalqaro munosabatlar qo‘mitasi raisi Leonid Slutskiy, mudofaa vaziri o‘rinbosari Aleksandr Fomin ham kiritildi.

Ukraina muzokarachilari soni kamroq edi: mudofaa vaziri Aleksey Reznikov, «Sluga naroda» fraksiyasi raisi David Araxamiya, Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak va harbiy razvedkachi Denis Kireyev.

Gomeldagi uchrashuvdan bir necha kun o‘tib muzokaralarda aniq qanday vazifa bajargani ma’lum bo‘lmagan harbiy razvedkachi Denis Kireyevning jasadi topildi. Avvaliga u davlatga xiyonat qilgani uchun otib tashlangani haqida xabarlar chiqdi, keyinchalik Ukraina razvdekasi Kireyev maxsus amaliyot vaqtida qahramonlarcha halok bo‘lganini xabar qildi.

Gomelda o‘tgan birinchi raundda tomonlar aytarli hech narsaga kelisha olmadi, ammo muzokara boshlanganining o‘zi katta narsa edi. Zelenskiy ofisida o‘t ochish rejimini to‘xtatish va Ukrainadan rus askarlarining olib chiqib ketilishi muzokaralarning birlamchi maqsadi ekanini aytishdi. Kreml muzokaralardan avval qanday talablar ilgari surishini e’lon qilmadi, lekin Putin va Lavrovning so‘zlaridan Rossiya Ukrainani «denatsifikatsiya» va «demilitarizatsiya» qilishni istayotgani anglashilardi.

Bu terminlarning ma’nosini urush boshlanganidan bir oy o‘tgan bugungi kunda ham ko‘pchilik tushunmaydi va ularni izohlash kerak bo‘ladi. Peskovning tushuntirishicha, «denatsifikatsiya» Ukraina hukumatini qo‘lga olgan millatchilarni yo‘qotish hisoblanadi. Kreml bu borada aniq ismlarni keltirmagan, keyinroq Peskov Rossiya Zelenskiyni hamon Ukrainaning legitim prezidenti deb tan olishini ham aytdi.