AQSh Ukraina bilan birga ekanini ko‘rsatmoqchi
Urush boshlangandan buyon G‘arb Ukrainani tashlab qo‘ygani haqida ko‘p gapirildi. Ammo G‘arbning yordamisiz Ukraina Rossiyaga qarshilik qilishi qiyin bo‘lardi. Amerika rus tanklari sonidan ham ko‘p Javelin (tank hujumiga qarshi raketa) yetkazib berishini aytdi, allaqachon bir milliard dollarlik qurol yubordi, Yevropa Ittifoqi ham yordamni to‘xtatgani yo‘q. Millionlab ukrainlar aynan G‘arbning moliyaviy ko‘magi bilan jon saqlamoqda.
Amerika bu qo‘llab-quvvatlash frontining old qatorida turibdi. Jo Bayden bundan keyin ham shunday bo‘lishini ko‘rsatish uchun urush maydoni yaqinigacha bordi. Amerika armiyasining 82-havo desantchi kuchlari diviziyasi Polshada Ukraina chegarasidan 60 km uzoqlikda joylashgan. Bayden chegaragacha borishni istagani, ammo qo‘riqlash xizmati bu taxmin qilish qiyin bo‘lgan xatarlar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgani uchun rozilik bildirmaganini aytdi.
Ammo fakt shuki, AQSh prezidenti NATOning eng sharqiy qanotiga – Ukrainadagi urushning g‘arbiy fronti yaqinigacha bordi. Qo‘shimchasiga Rossiya prezidenti manziliga avval hech kim tilga olmagan gaplarni aytdi, Putin hukumatda qolmasligi kerakligini ta’kidladi. Bayden Varshavada Oq uy tarixiy deb ta’riflagan nutqini so‘zlayotgan bir vaqtda chegaradagi Lvov shahriga uchta raketa kelib tushdi. Rossiya mudofaa vazirligi ham buni tasdiqladi.
Harbiylar bilan pitssa

Bayden amerikalik desantchilar bilan uchrashuvda och qolgani va tamaddi qilib olishni istashini aytdi. Unga harbiy oshxonadan pitssa olib kelishdi. Bayden uni harbiylar bilan bo‘lishib yedi va bahonada Iroqda o‘g‘lini harbiylar ichidan topa olmagani haqida aytib, askarlarni kuldirdi: «Iroqdagi askarlar bilan uchrashuvda qarasam, o‘g‘lim ko‘rinmaydi. Jin ursin, o‘g‘lim qayerda, deb so‘radim. Keyin topilib qoldi. Bilsam, beyjigiga boshqa ism yozib olgan ekan, shunga topishga qiynalishgan. Nega bunday qilding desam, «Dada, axir Bayden familiyasini eshitganlar nimadir bo‘lyapti deb o‘ylashi mumkin», degandi. Shunday ekan, qaysingizdir ismingizni o‘zgartirsangiz, bir og‘iz aytib qo‘ying», deb hazil qildi Bayden. Prezident amerikalik askarlarni dunyoda eng zo‘r deb atadi.
Uning o‘g‘li Bo Iroqdagi urushda qatnashgan. 8 yil davomida Delaver shtatida bosh prokuror bo‘lib ishlagan Bo Bayden 2015 yil 46 yoshida saratondan vafot etgandi.
«Nabiralaringiz qanday hayotda yashashi hal bo‘lyapti»
Bayden Polshadagi amerikalik harbiylar bilan suhbatlashar ekan, ayni damda dunyo nafaqat Ukraina tinchligi uchun, balki butun dunyodagi tinchlik uchun birlashishi kerakligini ta’kidladi. «Hozir bolalaringiz, nabiralaringiz qanday dunyoda yashashi hal bo‘lmoqda», dedi u.










