Migrantlar huquqlari bo‘yicha yurist Botirjon Shermuhammad Kun.uz saytiga bergan intervyusida Rossiyada ishlash uchun sharoitlar yildan yilga og‘irlashib borayotganini aytib, o‘zbekistonlik migrantlarni o‘z kelajagi haqida jiddiy o‘ylab olishga chaqirdi.
«Har bir inson o‘zining hisob-kitobini o‘zi qiladi. Lekin iltimos qilardimki, vatandoshlarimiz Rossiyaga borishdan avval bir yaxshilab hisobini olishsin.
Xo‘sh, borayotgan joylarida ish haqi qancha? Afsuski, vatandoshlarimiz Rossiyadagi ish haqini hisoblaganda, yo‘l xarajatlari yoki har oy uchun qilinadigan sarflarni hisobga olishmaydi. Bu xato.
Odamlar Rossiyaga ketar ekan, barcha xarajatlari va yil davomida topishi mumkin bo‘lgan daromadini hisob-kitob qilib olishi kerak.
Agar bormoqchi bo‘lgan joyidagi daromadi oyiga 200 dollardan kam yoki shuning atrofida bo‘lsa va shu pulni O‘zbekistonda ham topish imkoniyati bo‘lsa, menimcha, borish kerak emas. Bu pulga ota-ona, oilani tashlab, qiynalib yurish to‘g‘ri emas, fikrimcha.
Eng yomoni shundaki, hozir biror iqtisodchi yaqin yillar davomida Rossiyadagi iqtisodiy ahvol yaxshi tomonga o‘zgarishi bo‘yicha prognozlar berolgani yo‘q.
Biz rubl kursini 2008 yildan boshlab tahlil qilib chiqdik. Unga ko‘ra, rubl o‘tgan yillar davomida 330 foizga qadrsizlangan. Chunki 2008 yilda 1 dollar rublga hisoblaganda 24–25 rubl atrofida edi. Hozir esa 1 dollar o‘rtacha 100 rublga teng. Bu 4 barobar degani.
Shuningdek, 2008 yilda Rossiyada 1000 dollar topgan kishi hozir 250 dollar topyapti. Demak, Rossiyada ishlash yildan yilga o‘zini oqlamayapti.
Migrantlar yoki Rossiyaga ketmoqchi bo‘layotganlar Rossiyada 2008 yildan beri ish haqi qanchaga o‘zgardi yoki xarajatlar qanchaga oshdi, degan savollarni o‘ziga berishi kerak», – dedi yurist.
Uning qo‘shimcha qilishicha, hozir Rossiyaning o‘zbekistonlik migrantlar ko‘p ishlaydigan 6ta hududida migrantlarning jamoat transportlarida ishlashi taqiqlab qo‘yildi. Agar Moskva va Sankt-Peterburgda ham bu qoida amalga kirsa, yana o‘n minglab muhojirlar Rossiyada ishsiz qolib ketishi mumkin.
«Shuningdek, migrantlarimiz qaysi sohalarda to‘lov yaxshiligi va bu sohani qanchalik tez o‘rganish mumkinligini hisobga olishlari kerak.
















