O‘zbekistonda tuman (shahar) hokimliklariga o‘z hududlaridagi avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalari buzilishini qayd etuvchi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video dasturiy-texnik vositalarini o‘rnatish huquqi berildi.

Mazkur dasturiy-texnik vositalar orqali qayd etilgan qoidabuzarliklar uchun jarima summasining 30 foizi bevosita tuman (shahar) mahalliy budjetiga yo‘naltiriladi.

Bu mablag‘lar yo‘l harakatini raqamlashtirish, yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, yo‘l-patrul xizmati xodimlarining qo‘shimcha shtatlarini kiritishga sarflanadi. Bu – 4 aprel kuni imzolangan prezident qarorida ko‘zda tutilgan.

Qarorga asosan, avtomobil yo‘llarida harakatni tashkil etish, boshqarish va xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi faoliyat samaradorligini oshirish maqsadida Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi va uning hududiy maxsus komissiyalari tuzildi.

Maxsus komissiyalar zimmasiga quyidagi asosiy vazifalar yuklatildi:

  • yo‘l harakati xavfsizligi sohasida fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini ishonchli himoya qilish, yo‘l infratuzilmasining xavfsizlik talablariga to‘liq javob berishini ta’minlash;
  • hududlarda yo‘l harakatini samarali tashkil etish holatini muntazam ravishda baholab borish, ushbu sohada davlat organlari va mahalliy hokimliklarning samarali faoliyat ko‘rsatishini nazorat qilish;
  • yo‘l-transport hodisalari sabablarini chuqur o‘rganish, yo‘llarning xavfli avariya uchastkalari ro‘yxatini tasdiqlash orqali kelgusida ularning oldini olish yuzasidan ilmiy asoslantirilgan takliflar tayyorlash tizimini yaratish;
  • yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish, inson omili va korrupsiya holatlarini istisno etuvchi avtomatlashtirilgan nazorat tizimlarini ommalashtirishga doir tadbirlarni belgilash;
  • hududlarda yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, yo‘l-transport hodisalarining sonini qisqartirish bo‘yicha dasturlar loyihalari ishlab chiqilishini tashkillashtirish va kelishish.

Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalari maxsus komissiyalarning ishchi organi hisoblanadi. Ishchi organlar muntazam ravishda tegishli davlat organlarining yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlarini tahlil qilib boradi va maxsus komissiyalarning yig‘ilishlarida muhokama qilish uchun hujjatlarni tayyorlaydi.