Rossiya qo‘shinlari qariyb bir oy davomida Kiyev oblastidagi Bucha shahrini egallab turishdi — bir necha kun muqaddam ular shaharni tashlab ketishgan. Ular chekingach butun dunyo Rossiya o‘zidan Bucha Kiyev atrofidagi boshqa aholi punktlarida nimalar qoldirganiga guvoh bo‘ldi: ko‘chalarda tinch aholi vakillarining jasadlari yotar, ayrimlarning qo‘llari bog‘langan va boshidan otilgandi. Buchadagi voqealarga Ukraina, Rossiya va butun dunyodagi jamoat faollari, siyosatchilar, iqtisodchilar va jurnalistlar munosabat bildirishmoqda.

Olaf Shols
GFR kansleri

Ukrainadan qo‘rqinchli va dahshatli kadrlar yetib keldi. Yaqingacha rossiyalik harbiylar nazoratida bo‘lgan Bucha shahrida tinch aholi vakillari, jumladan ayollar, bolalar va keksalar otilgan. Men ushbu vahshiyliklar hujjatlashtirilishi uchun xalqaro tashkilotlarga ushbu hududlarga kirishga ruxsat berilishini talab qilaman. Biz rossiyalik harbiylarning jinoyatlarini tergov qilishimiz va aybdorlarni javobgarlikka tortishimiz kerak.

Antoniu Guterrish
BMT bosh kotibi

Men Buchada tinch aholi vakillari o‘ldirilgani tasvirlaridan larzaga keldim. Mustaqil tergov o‘tkazilishi, so‘ng [aybdorlar] jinoiy javobgarlikka tortilishi juda muhim.

Emmanuel Makron
Fransiya prezidenti

Kiyev yaqinidagi ozod qilingan Bucha shahrida olingan fotosuratlarga qarash og‘ir. Qo‘rqoqlarcha o‘ldirilgan yuzlab tinch aholi vakillari ko‘chalarda yotibdi. Qurbonlar uchun hamdardlik bildiraman, ukrainlar bilan birdamman. Rossiya hukumati bu jinoyat uchun javob berishi shart.

Ursula fon der Lyayyen
Yevropa komissiyasi prezidenti

Rossiya chiqib ketayotgan hududlarda so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydigan xabarlardan qattiq iztirobdaman. Zudlik bilan mustaqil tekshiruv o‘tkazilishi kerak. Harbiy jinoyatlar uchun aybdorlar javobgarlikka tortiladi.

Sharl Mishel
Yevropa kengashi prezidenti

Kiyevning ozod qilingan hududlarida rossiyaliklar armiyasi sodir etgan vahshiyliklar kadrlari meni shokka tushirdi. YeI Ukraina va nodavlat tashkilotlariga xalqaro sudlarda jinoiy javobgarlikka tortish uchun zarur dalillarni yig‘ishda yordam ko‘rsatadi. Keyingi sanksiyalar va YeIning yordami yo‘lga chiqqan. Ukrainaga shon-sharaf!