«Biz odamlarga yordam beryapmiz»
Kosmodromni birga aylangan prezidentlar Ukrainadagi urush haqida fikr almashishdi. OAV vakillari va koinotchilar bilan uchrashuvda Putin Rossiyada urush deb atash taqiqlangan «maxsus harbiy amaliyot» haqida gapirdi.
«Biz bir tomondan odamlarga yordam beryapmiz, ularni qutqaryapmiz, boshqa tomondan Rossiya xavfsizligini ta’minlash uchun harakat qilyapmiz.
Bizda boshqa yo‘l qolmagandi, bu to‘g‘ri qaror bo‘ldi. Ukrainada paydo bo‘lgan aksilrossiya kuchlari bilan to‘qnashuv muqarrar edi, gap bu qachon sodir bo‘lishida qolgandi.
Afsuski, neonatsizm bizga yaqin bo‘lgan kattagina davlatning hayot tarziga aylandi. Kiyev Minsk kelishuvini amalga oshirishdan ochiqchasiga bosh tortgach, Donbassdagi odamlarni genotsid qilishlariga ortiq chidab bo‘lmasdi.
Maxsus amaliyotning barcha maqsadlari to‘liq amalga oshiriladi. Biz yakkalanmoqchi emasmiz. Zamonaviy dunyoda hech kimni keskin yakkalab bo‘lmaydi, Rossiyadek katta davlat bilan bunday qilish esa aniq imkonsiz», degan Putin.
«Agar Rossiya ozgina kechikkanda...»
Brifingni Putin boshlab berdi va kosmik sohadagi ikki davlatning hamkorligi haqida gapirdi. Keyinchalik so‘z olgan Lukashenko Ukrainadagi voqealar haqida gapira ketdi. Uning aytishicha, agar Rossiya «maxsus harbiy amaliyot»ni boshlashda biroz kech qolganida, Rossiya hududiga vayronkor zarbalar berishni maqsad qilishgan. Fevral oyida ham bu haqda gapirgan Lukashenko agar Rossiya biroz kechikkanida, Ukraina Belarusga hujum qilgan bo‘lishini aytgandi.
«Agar Rossiya maxsus amaliyotni boshlashda biroz kechikkanida, Rossiya hududiga vayronkor zarbalar berishga tayyorlanishayotgandi. Buning imkoni borligini bugun ko‘rib turibmiz.
Buchadagi voqealar haqida hamma jar solyapti. Bu inglizlar tomonidan o‘tkazilgan ruhiy maxsus operatsiya xolos. Ular qanday mashinada kelgani, qanday raqamlarda bo‘lgani, manzillar haqida bilishni istasangiz, Rossiya Federal xavfsizlik xizmati sizga bu haqda ma’lumotlar taqdim etishi mumkin. Bo‘lmasa biz ham bu borada yordam bera olamiz. Rossiyalik do‘stlarimiz bilan birga bu ishlar qanday qilinganini boshidan oxirigacha kuzatdik. Bu G‘arbning pastkash pozitsiyasini ko‘rsatdi.
Biz sovuq urush tugagan deb yurgandik, lekin G‘arb bunday o‘ylamagan ekan. Ular o‘shanda bizni yo‘q qila olmagandi va buni endi amalga oshirishga harakat qilishmoqda», dedi Lukashenko.



















