Voqea 18 mart kuni – Abbos Salaydinov Navro‘zdagi qisqa ta’tilni ota-onasi bilan o‘tkazish uchun Surxondaryoga borganida ro‘y bergan. Jurnalist Termiz shahridagi dorixonalardan birida xaridni amalga oshirib, xarid uchun nazorat-kassa mashinasining chekini so‘ragan. Biroq sotuvchi plastik karta bilan savdo qilinganida faqat terminal cheki berilishini aytgan.

“Shundan so‘ng, “soliqqa telefon qilib, so‘rab ko‘raymi?” dedim. Bu gapimdan qo‘rqib, chek beradi deb o‘ylagandim. Lekin u “bemalol” deb javob berdi. Do‘kon tashqarisiga chiqib, soliq xizmatining ishonch raqamini qidira boshladim. Niyatim – ishonch raqamidagi xodimga vaziyatni tushuntirib, uni sotuvchi qiz bilan gaplashtirib, uning harakati noto‘g‘ri ekanini tushuntirish edi. Lekin shunda ham ishonch raqamidagi xodimga vaziyat qaysi dorixonada bo‘layotganini aytmoqchi emasdim”, deydi u.

Abbos Salaydinov soliq xizmatining ishonch raqamini qidirib turganida, dorixonadagi sotuvchi yigit uni dorixonaga olib kirgan, ichkariga kirgan zahoti sotuvchi yigit mijozlar ko‘z oldida uning yuziga musht tushirib: “Hali soliqqa aytmoqchi edingmi”, deb kurakda turmaydigan so‘zlar bilan so‘kkan.

“Shu kozyol bizni jarimaga tushirib yurgan ekan. Mana ushladik”, deya dorixonadagilarga yuzlangan u. XXI asrda mijozga nisbatan qilinayotgan bunday munosabatdan shokda edim, deya vaziyatni tasvirlaydi Abbos Salaydinov. Uning so‘zlariga ko‘ra, shu vaqtda dorixona egasi ham paydo bo‘lgan.

“Ularga qarshilik qilishimga qaramasdan, dorixona xodimlari 2-3 kishi bo‘lib meni ichkariga – dorilar saqlanadigan omborga torta boshladi. Shu jarayonda dorixona eshiklari ichkaridan yopib qo‘yildi.

Kuch ishlatib, omborxona ichkarisiga olib kirishdi. Dorixona egasi dorixona sotuvchilari kuzatuvida meni “iflos, kozyol” deya haqorat qilib, tinimsiz do‘pposladi. Iz qoldirmaslik uchun yuzimga urmay, ko‘kragimga, yelkamga, kuragimga jami o‘ndan oshiq musht tushirdi. Kuch ishlatib charchagandan so‘ng, so‘roq qilishga tushdi. Kimligimni, qayerda ishlashimni, qayerda yashashimni, dorixonaga nima maqsadda kelganimni so‘radi.

Undan shu savollarni nega zo‘ravonlik qilib, kuch ishlatishdan oldin bermaganini so‘radim. U o‘zi yashab turgan hududni nazarda tutib: “Bu yerda aql emas, musht ishlaydi” dedi mushtini ko‘rsatib”, – deya hikoya qiladi jabrlanuvchi.

Abbos chekni so‘rashdan maqsadi soliq ilovasi orqali keshbek olish (davlat budjetidan to‘lanadi) bo‘lganini aytgan. Shuni tushuntirishga harakat qilib, telefonidagi “Soliq” ilovasini, unda skaner qilingan cheklarni ko‘rsatgan. Biroq dorixona egasi tushunishni istamay, “Soliq” ilovasini ko‘rishi bilan tutaqib ketgan va uning “kozyol”ligiga “ishonchi ortib”, yana musht ishlatishga o‘tgan.