Uch haftalik tanaffusdan so‘ng, bugun – 5 aprel oqshomida Chempionlar ligasi madhiyasi sadolari ostida chorakfinal bahslariga start beriladi. Seshanba kuni «Atletiko» yana Manchesterga safar qilsa, «Liverpul» Portugaliyada to‘p suradi. Chorshanba oqshomida esa «Real» Londonda «Chelsi»ga qarshi saf torsa, «Bavariya» Ispaniyada «Vilyarreal» mehmoni bo‘ladi.

«Real» revansh ilinjida, «Chelsi» uyida yengilmas jamoa

Chempionlar ligasi 1/4 final qur’a natijalari «Real»ga o‘tgan yilgi mag‘lubiyat uchun «Chelsi»dan o‘ch olish imkoniyatini taqdim etdi. London klubi o‘tgan mavsumda turnirning yarimfinalida ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, Madrid klubini YeChL bilan xayrlashishga majbur qilgan edi. Bu mavsumda esa Karlo Anchelotti jamoasi musobaqa g‘olibligiga asosiy da’vogar sifatida aytilgan «PSJ»ni turnirdan chiqarib yuborgach, chempionlik uchun favoritlardan biriga aylandi. Qur’a ularga «aristokratlar»ni taqdim etgach, madridliklar revansh haqidagi ishtiyoqlarini yashirishmadi.

Ammo Londonda «Chelsi»ni mag‘lub etish hozircha «Real» bajara olmayotgan natijadir. Qolaversa, Tomas Tuxel shogirdlari joriy mavsum YeChL doirasida «Stemford Brij»dagi 4 o‘yinda umumiy 11ta gol kiritib, biror marotaba ham o‘z darvozalaridan to‘p olib chiqishmadi. Anchelotti Londondagi o‘yinda faqat Eduar Mendi darvozasini qanday ishg‘ol etish haqida emas, mezbonlar yarimhimoyachisi Ngolo Kanteni «zararsizlashtirish» haqida ham bosh qotirishiga to‘g‘ri keladi. Kante «Real»ga qarshi so‘nggi ikki yarimfinal o‘yinida ham, finalda ham eng yaxshi o‘yinchi deb topilgan edi.

Foto: Getty Images

Darvoqe, Tuxel shogirdlari YeChL joriy mavsumida o‘z uyida hali umuman gol o‘tkazib yubormagan bo‘lsa-da, uch kun avval «Brentford»ga qarshi APL o‘yinida darvozadan bir emas, to‘rtta gol olib chiqishga majbur bo‘lishdi. Karlo ota APL debyutanti g‘alabasini tahlil qilishi aniq.

Klopp Lissabonga qaytmoqda

Yurgen Klopp bilan «Liverpul» o‘rtasidagi munosabatlar aynan Lissabonda boshlangan edi. 2015 yilda Yurgen Klopp Portugaliya poytaxti ko‘chalaridan birida qahva ichib o‘tirganida, unga Mersisayd klubini boshqarish taklifi bilan qo‘ng‘iroq bo‘lgandi. Qizig‘i, o‘shandan buyon Yurgen Lissabonga qaytmagan va bu 7 yillik tanaffusdan keyingi qaytishdir.

«Chorakfinalda men xohlamagan yagona narsa, bu Angliya klubiga qarshi to‘p surish», - degan edi Klopp qur’adan avval. «Liverpul»ga «Benfika» tushgach, u bundan xursand bo‘lgani aniq. Gap «Benfika»ning nisbatan oson raqib ekanligida emas. Aksincha, nemis murabbiyi «Barselona» va «Ayaks»ni ortda qoldirib, shu yergacha yetib kelgan raqib hurmatga loyiq ekanligi haqida aytgan.