Vazirlar Mahkamasining “Toshkent viloyati aholisiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini takomillashtirish hamda tibbiyot klasterlar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi hamda Toshkent viloyati hokimligining Toshkent viloyati hududida tibbiyot klasterlarini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik beriladi.

Quyidagilar tibbiyot klasterining asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilanadi:

a) Toshkent viloyati tibbiyot klasteri:

  • kasalliklar asosiy yo‘nalishlari (rejali xirurgiya, terapiya, kardiologiya, otorinolaringologiya va boshqalar) bo‘yicha ixtisoslashtirilgan, aholining yuqori texnologiyali diagnostika, davolash va profilaktika tibbiy yordam ko‘rsatishga bo‘lgan ehtiyojini qondirish;
  • viloyat tibbiyot muassasalarida tibbiy xizmatlar ko‘rsatishning zamonaviy metodlari va texnologiyalari joriy etilishini metodik ta’minlash;
  • bemorlarni tekshirish, ularga yuqori malakali tibbiy-konsultativ yordam ko‘rsatish;
  • bemorlarga Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan klinik standartlarga muvofiq yuqori malakali ixtisoslashtirilgan statsionar yordam ko‘rsatish;
  • tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari mutaxassislariga konsultativ va tashkiliy-metodik yordam ko‘rsatish;
  • ma’muriy hudud davolash-profilaktika muassasalari amaliyotiga zamonaviy tibbiy texnologiyalarni va boshqarishning iqtisodiy metodlarini joriy etish;
  • aholining umumiy kasallanishi va o‘limini, mehnatga qobiliyatini yo‘qotgan holda kasallanishini, nogironligini o‘rganish;
  • klasterlarni raqamlashtirish, shahar va tuman tibbiyot birlashmalari, oilaviy poliklinikalar integratsiyasini yo‘lga qo‘yish, shifokor va hamshiralar tarkibidan IT tizimida malakasini muntazam oshirish orqali zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish;

b) Toshkent viloyati hududiy tibbiyot klasterlari:

  • yagona tashkiliy-metodik rahbarlikni va aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini nazorat qilishni ta’minlaydigan sog‘liqni saqlash birlamchi bo‘g‘inining zamonaviy tashkiliy tuzilmasini yaratish;
  • davolash-profilaktika, sanitariya-ma’rifiy tadbirlarni reabilitatsiya qiluvchi tibbiy xizmatlarni amalga oshirishda oilaviy shifokor punktlariga, oilaviy poliklinikalarga va boshqa tibbiyot muassasalariga metodologik yordam ko‘rsatishning sifat jihatidan yangi darajasini tashkil etish;