Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida fuqarolarni xorijga ishga jo‘natish bilan bog‘liq bir nechta firibgarlik holatlariga chek qo‘yildi.

Jumladan, Toshkent shahrida yashovchi, 1985-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs o‘z tanishlari orqali Qashqadaryo viloyatida istiqomat qiluvchi 6 nafar fuqaroni Slovakiyaga ishga jo‘natishni va’da qilgan.

U buning evaziga jami 145 mln so‘m talab qilib, oldindan 85 mln so‘m olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Yana bir holat Toshkent shahrida qayd etilgan. Xorijiy davlatlarga viza olish bo‘yicha konsalting xizmatlari ko‘rsatuvchi MChJ rahbari 2002-yilda tug‘ilgan poytaxtlik fuqaroning ishonchiga kirgan.

U viza rasmiylashtirish orqali fuqaroni Germaniyaga ishga jo‘natishni va’da qilib, evaziga 4 ming AQSh dollari olgan vaqtida qo‘lga tushgan.

Shunga o‘xshash holat Toshkent viloyatida ham aniqlangan. Zangiota tumanida yashovchi, 1993-yilda tug‘ilgan ayol Angren shahrida istiqomat qiluvchi, 2000-yilda tug‘ilgan fuqaroni Janubiy Koreyaga ishlash uchun jo‘natishni va’da qilgan.

U viza rasmiylashtirib berish evaziga 5900 AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi - firibgarlik bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.