Ukraina Sumi oblastini to‘liq nazorat qilmoqda

Ukraina qurolli kuchlari Sumi oblastini Rossiya bilan chegaragacha to‘liq o‘z nazoratiga qaytardi. Bu haqda ushbu hudud ma’muriyati rahbari Dmitriy Jivitskiy ma’lum qildi. «Hududlar bosqinchilardan ozod etildi», degan u ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida.

Jivitskiy aholini hozircha shaharga qaytmay turishga chaqirgan, hududlar minalardan tozalanmoqda: «Hudud xavfsiz emas. Minalangan va hozirga qadar tozalanmagan ko‘plab uchastkalar bor».

Rossiya bilan chegaraga yaqin joylashgan shahar bosqinning ilk kunlarida kuchli bombardimon qilingan va shahar uchun qaqshatqich janglar olib borilgandi.

Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi Rossiya harbiy qismlari Ukraina shimolidan to‘liq olib ketilganini tasdiqlagan, bu qismlar Ukraina sharqiga jo‘natilishi taxmin qilinmoqda, ammo buning uchun kamida bir hafta vaqt ketadi. Britaniya mudofaa vazirligi Ukraina shimolidan olib chiqilgan qismlarning aksari jiddiy to‘ldirilishga muhtoj ekanini qayd etgan.

Britaniya harbiy razvedkasi ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyaning Xarkov oblastidagi qo‘shinlari Izyum shahridan janub tomon harakatlanmoqda.

Donbassdagi shaharlar o‘qqa tutilishi

Rossiyaliklar keng ko‘lamli hujumga o‘tishi kutilayotgan Donbassdagi shaharlar zarbaga uchrashi davom etmoqda.

Slavyansk shahri aholisi yerto‘lalar va bombapanagohlarga tushishga majbur bo‘lmoqda, shaharda doimiy ravishda havo hujumidan ogohlantiruvchi signallar yangramoqda. Shuningdek, shaharga artilleriyadan zarbalar yo‘llanmoqda.

Ukrainalik harbiylar nazoratida qolgan Donbassning eng sharqiy shahri Severodonetsk ham raketa zarbalariga duchor bo‘lmoqda.

Payshanba kuni Rossiya harbiylarining temiryo‘lga aviazarbalari tufayli to‘xtab qolgan evakuatsiya jarayoni yo‘l ta’mirlanganidan keyin tiklangan.

Donetsk oblastidagi Kramatorsk shahri vokzaliga raketa zarbalari berildi.