12 aprel kuni kechqurun Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Oliy rada deputati, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyin uy qamog‘idan qochib ketib, g‘oyib bo‘lib qolgan Viktor Medvedchukning qo‘lga olingani aks etgan suratni e’lon qildi.

Ukraina bosh prokuraturasi Medvedchukni davlatga xiyonatda va terrorchilik tashkilotlari bilan hamkorlik qilishda ayblagan.
«Ukraina xavfsizlik xizmati maxsus operatsiyani muvaffaqiyatli bajardi. Barakalla!», deb yozgan Ukraina prezidenti. U xabarga ushbu siyosatchi harbiy libosda qo‘llariga kishan taqilgan holda o‘tirgani aks etgan fotosuratni xabarga ilova qilgan.
Zelenskiy Medvedchukning qanday qo‘lga tushirilgani yuzasidan tafsilotlarni keyinroq oshkor etishini bildirgan. Ukraina xavfsizlik xizmati ham hibsga olingan siyosatchi fotosuratini tarmoqda tarqatgan.
Yana bir surat Ukraina xavfsizlik xizmati tomonidan tarmoqqa joylangan. Unda quyidagicha matn keltiriladi:
«Sen rossiyaparast siyosatchi bo‘lishing va yillar davomida bosqinchi davlat uchun ishlashing mumkin. Sen so‘nggi vaqtlarda odil suddan yashirinishing mumkin. Ustingga maskirovka uchun harbiy libos kiyib olishing mumkin… Ammo bu senga jazodan qochishda yordam bera oladimi? Aslo! Seni kishanlar kutadi. Va sen kabi Ukrainaning barcha sotqinlarini! Rossiyaparast xoinlar va Rossiya maxsus xizmatlari josuslari, yodda tuting — sizning jinoyatlaringiz uchun javobgarlikka tortish muddati cheklanmagan».

Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari Ivan Bakanov o‘z xodimlariga Medvedchukni qo‘lga olishdagi «xavfli, yashin tezligida va ko‘p darajali maxsus amaliyot» uchun minnatdorchilik bildirgan.
«Bu yigitchangizni almashtiraylik»
13 aprelga o‘tar kechasi qilgan videomurojaatida Zelenskiy «Putinning kumi»ni asirlikdagi ukrain askarlariga almashtirishni taklif qildi.
«Medvedchukning Kosmonavtlar kunida qo‘lga olingani juda ramziy ma’noga ega. U 48 kun yashirindi. Va nihoyat mamlakatimizdan qochib ketishga urinishga qaror qildi. Nima deymiz, bu «kosmonavt» uchun - mashhur «Qani ketdik!» iborasi o‘xshamadi.
Men ayniqsa u harbiy kamuflyajdan foydalanishini orsizlik deb bilaman. Maskirovka qilmoqchi bo‘lgan. Mana shunday «jangchi». Mana shunday vatanparvar. Demak, agar Medvedchuk o‘zi uchun harbiy formani tanlagan bo‘lsa, uning ishi harbiy davr qoidalari bo‘yicha ko‘rib chiqiladi.















