RF harbiy-dengiz kuchlari Qora dengiz floti flagmani — «Moskva» raketa kreyserida 13 aprel kuni yong‘in yuzaga kelgan. Ukraina nashrlari va siyosatchilar kreyserga Ukrainada ishlab chiqarilgan ikkita «Neptun» raketasi bilan zarba berilgani haqida xabar qilishgan. RF mudofaa vazirligi kreyserda yong‘in chiqqani, natijada o‘q-dorilar portlay boshlagani haqida ma’lum qilgan. Vazirlik yong‘in chiqishining sababini ma’lum qilmagan, faqat sabablar «o‘rganilayotgani»ni bildirgan.

«Moskva» kreyseriga raketalar bilan zarba berilgani haqida Moskva vaqti bilan 13 aprel kuni soat 21:00 da feysbukda ukrain jurnalisti Serj Marko xabar qoldirgan. Keyinroq «Ukrainskaya pravda» nashrining Ukraina razvedkasi va Odessa oblasti harbiy ma’muriyatidagi manbalari bu ma’lumotni tasdiqlagan, manbalar kreyserdagi yong‘inni o‘chirishga muvaffaq bo‘linganda ham «yaqin yillarda u jangovar shay holatda bo‘lmasligi»ni aytishgan.

14 aprelga o‘tar kechasi kreyser bortidagi yong‘in haqida RF mudofaa vazirligi ham ma’lumot berdi. Xabarda kreyser bortidagi yong‘in tufayli o‘q-dorilar portlay boshlagani aytilgan. «Korabl jiddiy shikastlangan. Ekipaj to‘liq evakuatsiya qilingan», — deyiladi vazirlik xabarida. Bunday formulirovka kreyser safdan chiqqanini anglatadi, chunki ekipajning majburiyatlari kemani saqlab qolish mumkin bo‘lgan vaqtga qadar kemada kurashni davom ettirishni o‘z ichiga oladi.

14 aprel kuni kunduzi RF mudofaa vazirligi «Moskva» kreyseridagi yong‘in o‘chog‘i bartaraf etilgani, o‘q-dorilarning portlashi ham to‘xtaganini aytdi. «Moskva» kreyseri suzish holatida, uni shatakka olib portga olib kelish rejalashtirilmoqda. Asosiy raketa qurollari saqlab qolingan», deyilgan vazirlik xabarida.

Vazirlik hodisa oqibatida jabrlanganlar yoki halok bo‘lganlar borligi borasida aniqlik kiritmagan. Korabl bortida ekipajning 680 nafargacha a’zosi bo‘lgani taxmin qilinmoqda. Rossiya nashrlarining turli yillardagi xabarlarida kreyser ekipaji 416 yoki 510 kishini tashkil etishi aytilgan.

Ukrainalik harbiylar hozircha kreyser bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha izoh berishmadi. Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabining ertalabki ma’lumotnomasida «Moskva» yoki boshqa qandaydir rus harbiy korabli tilga olinmagan.

Hodisa vaqtida kreyser Qora dengizning aynan qayerida bo‘lgani ma’lum emas. «Radio Svoboda» ma’lumotiga ko‘ra, 10 aprel kuni korabl Sevastopolda edi. RF mudofaa vazirligi va Rossiya axborot agentliklari korabllarning joylashuvi bo‘yicha ma’lumot bermay keladi. «Ukrainskaya pravda» manbasi kreyser  «Zmeiniy orolidan 20 mil masofada bo‘lgan», bu vaqtda dengizda kuchli shtorm ko‘tarilgan. Ukraina tomoni «Moskva» kreyseri Odessa oblasti yaqinidagi Zmeiniy orolini egallash amaliyotida ishtirok etgani va ukrain harbiylari tomonidan «Russkiy voyennyy korabl, idi *****!» iborasi aynan shu kemaga qarata aytilganiga alohida e’tibor qaratmoqda.