«Dushman anchadan buyon bu patrul kemaning iziga tushgandi»

Rossiyalik harbiy blogerlar ham «Sergey Kotov» kemasiga hujum haqida xabar bergan va portlash videosini tarqatgan. Rossiya mudofaa vazirligi va boshqa rasmiy manbalar vaziyat yuzasidan izoh bermayapti. Tunda Qrim ko‘prigi bo‘ylab harakat sakkiz soatga to‘xtatilgan.

«Dushmanning „Sergey Kotov“ kemasi yakson etildi», — deyiladi Ukraina mudofaa vazirligi bosh razvedka boshqarmasi telegram-kanalida joylashtirilgan bayonotda. Ukrain harbiylari buning isboti sifatida kemaga hujum jarayoni aks etgan videoni namoyish etgan.

Ukrain razvedkasiga ko‘ra, 5 martga o‘tar kechasi boshqarmaning Group 13 nomli maxsus bo‘linmasi ukrain harbiy-havo kuchlari bilan hamkorlikda va Ukraina raqamli transformatsiyalar vazirligi «ko‘magida» Qora dengiz floti patrul kemasiga hujum qilgan.

Boshqarmaning tasdiqlashicha, Magura V5 dengiz dronlari borib urilishi oqibatida rossiyaliklarning 22160 proyekti bo‘yicha ishlab chiqarilgan «Sergey Kotov» kemasining quyruq qismi, shuningdek o‘ng va chap bortlari shikastlangan. Press-relizga ko‘ra, hujum «Kerch bo‘g‘ozi yaqinida» o‘tkazilgan.

Hujum haqida rossiyalik «harbiy muxbirlar» ham xabar qildi. Xususan, Aleksandr Kots telegram kanalida, «dushman ushbu patrul kemani anchadan buyon ta’qib qilib kelgani» — «rasmiy hisobotlarning o‘zida unga kamida uch marta ekipajsiz katerlar bilan hujum qilingani» haqida ma’lumotlar qayd etilganini aytgan.

Kotsning ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yil sentabrida «Sergey Kotov» patrul kemasi ukrainlarning beshta ekipajsiz katerlari (BEK) hujumini qaytargandi. «Ammo, afsuski, dushman ham evolyutsiya qilmoqda. Xabar qilishlaricha, o‘tgan tunda yana BEKlarga qarshi jang qilgan. Ekipaj qahramonlarcha oxiriga qadar kurashgan. Buni e’lon qilingan videodan ham ko‘rish mumkin. Ammo bu safar heppi end bo‘lmadi», — deya yozgan u. Kemadagi portlash videosi boshqa bir harbiylashgan kanal «Pozdnyakov 3.0»da e’lon qilindi.

Rossiya tomonidagi «Dva mayora» telegram-kanali tasdiqlashicha, «Sergey Kotov»ga Qora dengiz hududida, Feodosiya yaqinida hujum qilingan.

Hujum oqibatida halok bo‘lganlar va yaralanganlar bor, degan razvedka boshqarmasi rasmiysi Andrey Yusov. «Qurbonlar va yaralanganlar bor. Ammo katta ehtimol bilan, ekipajning bir qismi evakuatsiya qilingan. Dushman o‘ndan ortiq tez yordam karetalarini sohilga olib kelgani ma’lum. Ya’ni baribir evakuatsiya operatsiyasi o‘tkazilgan», — degan u «Ozodlik radiosi» efirida.